Chegara oldida noqonuniy ov qilgan ovchilar ushlandi

    Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi Boʻstonliq tuman boʻlimi hamda huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda reyd tadbiri oʻtkazildi.

    Oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida Boʻstonliq tumani “Kichiksoy“ MFY hududida “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonun talablarini buzgan holda chegara oldi hududlarida noqonuniy ov qilib yurgan 3 nafar fuqarolar aniqlandi.

    Maʼlumotlarga koʻra, huquqbuzarlar Boʻstonliq tumani “Koʻktunli“ mahallasida yashovchi fuqarolar ekanligi maʼlum boʻldi. Holat oʻrganilganda ularning yonidan 2 dona ov quroli va ovlangan 1 dona yovvoyi choʻchqaga tegishli boʻlgan goʻsht boʻlaklari topildi. Holat boʻyicha tabiatga 11 million soʻmdan ziyod zarar yetkazilgan.

    Ushbu holatga qonuniy baho berish uchun toʻplangan hujjatlar Boʻstonliq tumani Jinoyat ishlari boʻyicha sudiga taqdim etildi. Ov qurollari Boʻstonlik tumani Ichki Ishlar boʻlimiga topshirildi.