Lekin viloyat, tuman hokimlari xizmatlar sohasiga katta surʼat berayotgan turizmni rivojlantirish orqali ish oʻrinlarini yaratish va aholi daromadini koʻpaytirish imkoniyatlarini toʻliq ishga solmayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Turizm salohiyati yuqori 150 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilansa, xizmatlar hajmini 10 trillion soʻmga yetkazish, 45 ming nafar odamni savdo va servisda band qilish mumkin.
Shu bois, kelasi yilda 150 ta mahallaning har biriga infratuzilma uchun 3-5 milliard soʻmdan beriladi.
Viloyat, tuman hokimlari, Turizm qoʻmitasiga yil yakunigacha barcha mahallalar uchun master reja qilish, yer auksionlari va loyihalarni tadbirkorlarga eʼlon qilib, qurilish ishlarini boshlash topshirildi.
Tuman banklari bu joylarda mehmon uylari barpo etish uchun 150 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratishni yoʻlga qoʻyadi.
Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga tuman hokimlari yetarli eʼtibor qaratmayotgani qayd etildi.
U yerlarga olib boruvchi yoʻllar taʼmirlanib, mehmon uylari, dam olish maskani, savdo-servis obyektlari tashkil qilinsa, 50 ming xonadonning daromadi koʻpayadi.
Masalan, Soʻx daryosining Sarikanda, Rovon, Istiqlol mahallalari hududidan oʻtgan 5 kilometr qismida kurort zona va koʻngilochar maskan tashkil qilinsa, yiliga 30 ming sayyoh keladi. Buning hisobiga 200 ta oilaning daromadi oshadi.
Agar har bir hokim 563 ta mahallada ishni shu tartibda yoʻlga qoʻyib, kamida 100 ming odamni band qilsa, 25 ming oilani kambagʻallikdan chiqarish mumkinligi qayd etildi.
Umuman, kelgusi yilda bu mahallalardagi aholi turmushida vaziyat keskin oʻzgarishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Ushbu mahallalarda dam olish va servis obyektlarini qurish loyihalari uchun 1 trillion soʻm resurs ajratish topshirildi.








