Chegaralar yopiqligi sababli Rossiyaning qurilish maydonlarida ishchilar yetishmayapti

    Chegaralar yopiqligi sababli, Rossiyaning qurilish maydonlarida ishchi kuchi yetishmasligi davom etmoqda, deb xabar beradi “Interfaks” Rossiya Bosh vazirining oʻrinbosari Marat Xusnullinning bayonotiga asoslanib.

    Uning taʼkidlashicha, bu muammo, ayniqsa, Xitoy ishchi kuchiga yoʻnaltirilgan Uzoq Sharq uchun dolzarbdir.

    Bosh vazir oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, kadrlar yetishmasligi bilan bogʻliq qiyinchiliklarni qurilish mutaxassisliklari boʻyicha ishsiz qolgan odamlarni qayta tayyorlash orqali hal qilish mumkin.

    “Kelgusi yillarda qurilish hajmining oʻsishiga shubha yoʻq, shuning uchun biz Taʼlim vazirligi bilan qurilish mutaxassisliklari boʻyicha odamlarni qayta tayyorlash dasturini rejalashtiryapmiz”, dedi Xusnullin.

    Rossiya Federatsiyasi Qurilish vazirligi maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda 100 ming nafar qurilish ishchisiga ehtiyoj bor.

    Avvalroq, Bosh vazir Mixail Mishustin vaqtincha ish joylari, xususan, qurilish sohasida ish oʻrnini yaratish uchun 4 milliard rubldan ortiq mablagʻ ajratilishini aytgandi.