Insult oʻzi nima? Qanday turlari mavjud? Uning oldini olish choralari bormi?

Shu kabi savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Baxtiyor GʻOFUROV javob beradi.

— Insult qanday kasallik va uning qanday turlari bor?

— Insult — bosh miyada qon aylanishining oʻtkir buzilishi natijasida miya toʻqimasining shikastlanishidir. U insonning mehnatga layoqatini pasaytiruvchi, hayot sifatini tushirib yuboruvchi, uzoq muddat davolanishiga sabab boʻluvchi kasallik hisoblanadi. Insultning ikkita gemorragik va ishemik turlari mavjud.

Gemorragik insult — miya toʻqimasiga, toʻr osti boʻshliqqa yoki miya qorinchalariga qon quyilishi bilan xarakterlanuvchi miyadagi qon aylanishining oʻtkir buzilishidir. Gemorragik insultda barcha belgilar ishemik insultdagiga qaraganda ancha yaqqol namoyon boʻladi. Bundan tashqari, insultning bu turida bemor qusadi, yuzi qizaradi, uyquchan boʻlib qoladi, ensa mushaklarida spazm roʻy beradi va koʻz toʻr pardasiga qon quyiladi. Gemorragik insult toʻsatdan boshlanib, juda tez rivojlanadi.

Ishemik insultda bosh miyani ozuqa bilan taʼminlovchi asosiy qon- tomirlar trombozga uchraydi, yaʼni berkilib qoladi yoki mayda tomir tarmoqlarida spazm rivojlanadi.

Miya qon aylanishining buzilish nuqsonlari insonda bir necha oy, hatto yillar davomida paydo boʻladi. Ular insult belgilariga oʻxshaydi, biroq bir necha daqiqada, kamdan-kam hollarda bir necha soat mobaynida davom etishi bilan farq qiladi. Koʻpincha bu alomatlar tezda oʻtib ketadi va miya faoliyati tiklanadi.

Lekin bunday tiklanishlarga ishonmaslik kerak, ishemik kasallik yillar davomida surunkali ravishda miya toʻqimalarini yemirib boradi. Ishemik insult gemorragik insultga nisbatan 5-marta koʻp uchraydi.

— Insultga olib keluvchi omillar qaysilar?

— Insultga olib keluvchi omillarning deyarli barchasining oldini olish mumkin. Bular: qonda xolesterin miqdorining oshib ketishi, ichish va chekish, gipodinamiya, yaʼni kamharakatlik, ruhiy zoʻriqishlar, ateroskleroz, arterial gipertoniya, qandli diabet, yurak aritmiyasi kabilardir.

Insultga olib keluvchi eng xatarli omillardan biri — bu, arterial gipertoniya, yaʼni qon bosimining oshib ketishidir. 70 foiz holatda insultning sababchisi arterial gipertoniya boʻladi. Shuningdek, ateroskleroz ham insultga sabab boʻluvchi omillardan biridir.

Aytish joizki, yosh ulgʻaygan sayin ateroskleroz kasalligi koʻp uchray boshlaydi. Shuning uchun ham asosan katta yoshlilar insult bilan kasallanadi.

Chekish insult rivojlanishini deyarli 2 barobarga oshiradi. Bu illat qon ivishini kuchaytirib, tromblar hosil boʻlishini tezlashtiradi va tomirning ichki devorini zararlaydi, tomir torayib, unda qon aylanishi sustlashib boradi.

Doimiy tarzda chekish, hattoki, yirik qon tomirlarni ham zararlashi mutaxassislar tomonidan tasdiqlangan. Bundan tashqari, spirtli ichimliklar isteʼmoli ham insultning rivojlanish xavfini bir necha barobarga oshirishi isbotlangan.

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.