Ayniqsa, AQSH kompaniyalari ushbu sohada savdo-sarmoyaviy hamkorlikni mustahkamlashga intilyapti. Shubhasiz, bunda AQSH Mehnat vazirligi tomonidan Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan paxta va undan tayyorlangan mahsulotlarni olib kirishga qoʻyilgan rasmiy cheklovlar bekor qilingani muhim omil boʻlayotir.
Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasida AQSH qishloq xoʻjaligi departamenti (USDA) Bosh konsulligi delegatsiyasi bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda bu yana bir karra eʼtirof etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan iqtisodiyot tarmoqlari liberallashtirilgani, qishloq xoʻjaligi tubdan isloh qilingani, eng asosiysi, sohada mahsulot yetishtirish va qayta ishlashning klaster usuliga oʻtilgani muvaffaqiyatlarga keng yoʻl ochayotir. Natijada oʻtgan qisqa davr ichida mamlakatda yetishtirilayotgan paxta xom ashyosini toʻliq qayta ishlashga erishildi.
Mehmonlar eʼtiroficha, Oʻzbekiston sanoatchilari taklif etayotgan tayyor tikuv-toʻqimachilik mahsulotlarining sifati yuqori. Shu bois, tashqi bozorda tobora raqobatdosh boʻlib boryapti. Bu, oʻz navbatida, mahsulotlarga boʻlgan talab oshiradi.
Bu yil uyushma tizimida 134 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tomonidan 3,5 million tonna paxta yetishtirilishi kutilyapti. Undan olingan 1,1 million tonna tolaning 50 foizi klasterlarning oʻzlarida chuqur qayta ishlanadi. Chunki bugungi kunda klasterlarda tolani besh bosqichli qayta ishlashning uch bosqichi yoʻlga qoʻyilgan, 2026-yilda esa toʻliq sanoat zanjiri yaratiladi. Bu Oʻzbekistonni jahon toʻqimachilik bozorining markaziga aylanishiga xizmat qiladi, albatta.
— Oʻzbekistonga mening ilk tashrif buyurishim, — dedi AQSH qishloq xoʻjaligi departamenti (USDA) Bosh konsulligining qishloq xoʻjaligi marketingi boʻyicha yetakchi mutaxassisi Chagʻlar Erdugʻon. — Kelib, chindan ham, yurtingiz paxta-toʻqimachilik sohasida yuqori salohiyatga ega ekanligiga guvoh boʻldim. Ushbu safarimizdan koʻzlangan maqsad esa klasterlar faoliyati bilan yaqindan tanishib, hamkorlik aloqalarini oʻrnatishdir. Oʻylaymanki, tashrifimiz davomida bu borada dastlabki kelishuvlarga erishamiz.