Avval QQSning ortiqcha summasini qaytarish faqat “nol” stavka qoʻllagan eksportchi tadbirkorlarga qoʻllanilgan boʻlsa, yangi shart va tartiblarga koʻra, QQSning salbiy farq summasi barcha QQS toʻlovchilarga qaytariladigan boʻldi.

Global paydemiya sharoitida dunyo mamlakatalari qatorida bizning yurtimizda ham karantin cheklovlari oʻrnatilishi tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan iqtisodiy inqiroz yoqasida koʻplab tadbirkorlik subyektlarining davlat soliq organlari tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi ularning faoliyati davom ettirishida, ishchi oʻrinlarining saqlanib qolinishida, koʻplab insonlarning roʻzgʻorini tebratishda muhim ahamiyat kasb etdi.

— “Chelebi Textile” MCHJ shaklidagi korxonamiz trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan, — deydi “Chelebi Textile” MCHJ rahbari Alisher Toʻrabekov. — Faoliyatimiz 2020-yil yanvar oyida boshlangan boʻlib, shu vaqtga qadar Rossiya davlatiga 500 ming dollarlik mahsulotlarimizni eksport qildik.

Joriy yilning sentyabr va noyabr oylarida viloyat davlat soliq boshqarmasining koʻmagida jami 557 million soʻmlik qoʻshilgan qiymat soligʻining “0” stavkasini qoʻllash hisobiga yuzaga kelgan ortiqcha toʻlovlar korxonamiz hisob raqamiga qaytarildi. Bu esa faoliyatimizni yana-da rivojlantirishga, ishchilar uchun sharoitlarni yaxshilashga sarfladik.

— Hozirda korxonamizda 140 nafar xodimi ishlamoqda, — deydi Halil Binal Kemal korxona bosh texnologi. — Rossiya davlatidagi hamkorlarimizdan qabul qilgan byurtmalarni bajarish maqsadida pandemiya paytida ham faoliyatimizni toʻxtatganimiz yoʻq. Xorijlik byurtmachilarimizning bizning mahsulotlarimizga boʻlgan talab va ehtiyojlari ortib, kelgusida korxonamizning eksport hajmi yana-da kengaysa, ishchilarimiz sonini 250-300 nafarga koʻpaytirish rejasini moʻljallaganmiz.

Faoliyat davomida 130 dan ziyod 4 milliard soʻmlik elektron hisobvaraq-fakturalaridan foydalangan korxonada bugun ish juda qizgʻin. Yangi rejalar, maqsadlar sari intilgan korxona egalari zamonaviy texnologiyalarni yana-da keng joriy etish harakatida.

Tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash, xususan koronavirus pandemiyasining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy taʼsirini yumshatish maqsadida qator qaror, farmonlar aynan soliq imtiyozlari va yengilliklar berish maqsadida qabul qilindi. Xususan qoʻshilgan qiymat soligʻining “0” stavkada qoʻllanilgani natijasida vujudga keladigan ortiqcha toʻlovlarni korxonalar hisob raqamiga qaytarilishining soddalashtirilishi va tezlashtirilishi tadbirkorlar uchun yana bir imkoniyat boʻldi desak aslo mubolagʻa emas.

Husan ISOQULOV,

Sirdaryo viloyati davlat soliq

boshqarmasi bosh inspektori