Chempion bilan uchrashuv

    Mamlakatimizda aholi o'rtasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib etish va sportni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Shu boisdan ham joylarda sport musobaqalarini tashkil etish yaxshi an'anaga aylangan.

    “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyat bo'limi tashabbusi bilan Namangan tumanidagi 25 umumta'lim maktabida tashkil etilgan musobaqa ham yuqoridagi fikrimizga yaqqol dalil bo'la oladi.

    — Bu galgi musobaqamiz boshqalaridan tubdan farq qiladi, — deydi fondning viloyat bo'limi boshqaruvi raisi A.Mukarramov. — Chunki bugun Namangan tumanidagi olis maktabning sport zaliga kurash bo'yicha jahon chempioni Abdulbori Tojimirzayevni ham taklif qildik. Musobaqa ishtirokchilari chempiondan nafaqat kurash sirlarini o'rganishdi, balki xalqaro musobaqalarda ishtirok etish bo'yicha ham savollariga javob olishdi.

    Ta'kidlash kerak, fond viloyat bo'limi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda joylarda sportchilar bilan uchrashuvlar uyushtirib kelmoqda. Bugungacha yoshlarning 10 dan ziyod chempionlar bilan yuzma-yuz muloqotlari tashkil etildi.

    “Mahalla” fondi

    matbuot xizmati