Hindistonning Goa shahrida 30-oktyabr – 27-noyabr kunlari boʻlib oʻtgan nufuzli “FIDE Jahon kubogi 2025” xalqaro turnirida hamyurtimiz Javohir Sindarov chempion boʻlib yurtimizga qaytib keldi.
Kutib olish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Sport vaziri Adham Ikramov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Otabek Umarov, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, rasmiylar, sportchining yaqinlari, keng jamoatchilik vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
Tantanali tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Sindarov Javohir Sanjarbekovichga «Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi” faxriy unvonini berish toʻgʻrisida»gi Farmoni oʻqib eshittirildi.
Shaxmat boʻyicha Jahon kubogi sohibi boʻlgan shaxmatchimiz Prezident sovgʻasi — 3 xonali xonadon va pul mukofoti, uning murabbiyi Roman Vidonyak ham pul mukofoti bilan taqdirlandi.
Tadbirda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining ijodiy ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosari Minhojiddin Mirzo tomonidan ijodkorlarning shaxmatchimizning gʻalabasiga bagʻishlangan sheʼrlarini oʻqib eshittirdi.
Mutasaddilar shaxmatchini munosib ishtiroki bilan qutlab, keyingi musobaqalarda omad tilashdi.
Maʼlumot uchun: Musobaqada dunyoning 89 mamlakatidan 206 nafar kuchli shaxmatchilar ishtirok etdi. Turnirning umumiy mukofot jamgʻarmasi 2 000 000 AQSH dollarini tashkil etdi.
Jahon kubogi gʻolib va sovrindorlari (1–3-oʻrin) 2026-yilda boʻlib oʻtadigan FIDE nomzodlar turnirida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.











