Qayd etilishicha, ayni kunlarda masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish va zarur hujjatlarni elektron shaklda rasmiylashtirishdan keng foydalanishni yanada qoʻllab-quvvatlash, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash zarurati yuzaga kelmoqda.
Shuning uchun Soliq kodeksiga elektron hujjatda uni imzolagan shaxsning roziligini ifodalaydigan hamda uni identifikatsiya qilish imkonini beradigan elektron tasdiqlash usullaridan foydalanishga taalluqli oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, ortiqcha undirilgan soliqlarni soliq toʻlovchining arizasiga muvofiq kelgusi toʻlovlar hisobiga kiritish muddati 15 kundan 3 kunga qisqartirilib, Chernobil AYES halokati oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan fuqarolarning, shuningdek ularning erining (xotinining) ish haqi va boshqa daromadlari toʻliq daromad soligʻidan ozod etilmoqda.
Senatorlar oʻz chiqishlarida muhokama etilgan Qonunda masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan foydalanishni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq toʻlovchining boshqa soliqlar boʻyicha kelgusi toʻlovlari hisobidan hisobga olish tartibini yanada soddalashtirish, ayrim toifadagi shaxslarga soliq imtiyozlarini berish oʻz aksini topganligini taʼkidlab oʻtdi.
Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.