Chernogoriya bilan turizm imkoniyatlaridan unumli foydalanishda muhim kelishuvlarga erishildi

    Turizm 25 Aprel 2023 1575

    Joriy yil 25-aprelda Toshkent shahrida joylashgan “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida WORK SHOP MONTENEGRO 2023 – Oʻzbekiston va Chernogoriya davlatlari turizm tadbirkorlarining ikki tomonlama ochiq muloqoti oʻtkazildi.

    Tadbir Oʻzbekistonning “Prestige Travel” va Chernogoriyaning “R-Tours Budva” kompaniyalari tashabbusi bilan Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Unda Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi.

    “Bugungi kunda turizmning Oʻzbekiston iqtisodiyotida tutgan oʻrni oʻsib boryapti. Buni oʻtgan yilda mamlakatimizga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar soni 5,2 million nafarga yetib, turistik xizmatlar eksporti 1,6 milliard dollardan oshganidan ham bilish mumkin. Joriy yilda Yevropadan Oʻzbekistonga kirib keluvchi turistlar soni keskin ortishi kutilyapti. Bunda Chernogoriya davlati bilan turizm sohasida yoʻlga qoʻyilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida oʻrin tutadi.

    Biz Chernogoriya davlatida yurtimizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va goʻzal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida boʻlganlar soni ortib borayotganini qadrlaymiz va ularni mamlakatimizda koʻrishdan mamnun boʻlamiz”, — dedi Madaniyat va turizm vazirining birinchi oʻrinbosari Ulugʻbek Aʼzamov.

    Tadbir davomida dastlab, xorijlik tadbirkorlarga Oʻzbekistonda turizm yoʻnalishida yaratilgan imkoniyatlar va oxirgi erishilgan yutuqlar haqida atroflicha maʼlumot berildi. Shundan soʻng tomonlar ikki mamlakatning turizm imkoniyatlaridan unumli foydalangan holda oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishish borasida muloqotga kirishdi.

    “2023-yil iyun oyidan boshlab Oʻzbekiston va Chernogoriya oʻrtasida doimiy toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar yoʻlga qoʻyiladi. Bu ikki mamlakatdagi turizm sohasi tadbirkorlari uchun yangi imkoniyat va muhim qulaylik demakdir. Amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. “Prestige Travel” kompaniyasi bu borada yetarli tajribalar asosida faoliyat koʻrsatadi. Sababi biz Oʻzbekistonda ilk bor Misr, Vetnam hamda qator Yevropa davlatlariga toʻgʻridan-toʻgʻri aviareyslar qoʻyib, sayohat uchun yoʻl ochganmiz”, deb taʼkidladi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

    Bu yil Oʻzbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar soni 7 milliondan ortishi kutilyapti. Oʻzbekistonning turistik salohiyatini dunyoga tanitish va Yevropa davlatlaridan kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishda mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish uchun sharoitlar yaratilyapti. Bugun mamlakatimizda 5 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyat koʻrsatyapti, Respublika boʻyicha sayyohlarni qabul qiluvchi oʻrinlar soni 100 mingdan ortdi.

    Madaniyat va turizm vazirligi sohada mehnat qilayotgan tadbirkorlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlagan holda mamlakatimizda yangi turizm yoʻnalishlari faoliyati uchun imkoniyatlar yaratib berish ustida ish olib borilyapti. Bu bilan aholining turizm madaniyatini oshirish va ularning sifatli dam olishi uchun sharoit yaratiladi.

    Ushbu tadbirni tashkil etishda tashabbus koʻrsatgan “Prestige Travel” kompaniyasiga 2018-yilda asos solingan boʻlib, kompaniya shu vaqtga qadar Oʻzbekiston uchun yangi yoʻnalishlarda aviareyslar qoʻyilishida muhim tashabbuslar koʻrsatib kelyapti.

    Jumladan, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 2018-yili Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahriga ilk marta toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2021-yil may oyida Misrning eng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, shu yilning oʻzida Vetnamning Phu Quok oroliga ham yangi yoʻnalish ochildi. Bundan tashqari, 2022-yil yozda Vetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri uchib borish imkoni yaratildi.

    Bugunning eng dolzarb yangiliklaridan biri esa, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 2023-yil iyun oyidan boshlab, Toshkentdan Chernogoriyaning Tivat shahriga toʻgʻridan toʻgʻri reyslar amalga oshirila boshlanadi, va eʼtiborlisi, endi Chernogoriyaga borishda Oʻzbekiston fuqarolaridan viza talab etilmaydi, deb xabar beradi Madaniyat va turizm vazirligi matbuot xizmati.