Oʻzbekistonda chet el fuqarolariga yashash uchun ruxsatnoma berish muddati qisqardi

    Ijtimoiy hayot 11 Yanvar 2023 1759

    Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 7-yanvardagi “Xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini olish huquqini berish bilan bogʻliq qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-sentyabrdagi 593-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 7-son qarori qabul qilindi.

    Hujjat bilan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar uchun yashash uchun guvohnomalarni olish tartibini soddalashtirish va arizalarni onlayn-tizim orqali koʻrib chiqishni nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

    Shuningdek boshqa davlatlardan:

    Qoraqalpogʻiston Respublikasida va viloyatlarda doimiy yashashga ruxsatnoma berish haqida arizani koʻrib chiqish 98 kundan 68 kunga, koʻrib chiqish bosqichlari esa 10 tadan 8 taga qisqaradi;

    Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga doimiy yashash uchun ruxsatnoma berish haqidagi arizani koʻrib chiqish muddati 128 kundan 68 kunga, koʻrib chiqish bosqichlari esa 11 tadan 8 taga qisqaradi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 09.01.2023-yildan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.