Chet el fuqarolarini Rossiyaga ishga jalb qilishning yangi tartibi

    Bilasizmi? 4 Aprel 2021 1041

    Rossiya Federatsiyasi hududiga koronavirus infeksiyasi kirishi va tarqalishining oldini olish boʻyicha Tezkor shtab tomonidan mamlakatga chet el fuqarolarini ishga jalb qilish boʻyicha Harakatlar algoritmi tasdiqlangan.

    Ushbu Algoritmga muvofiq, chet el fuqarolarini ishga jalb qilish uchun ish beruvchi tashkilot quyidagi talablarga javob berishi kerak:

    - milliy, federal yoki mintaqaviy loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishi;

    - shtatdagi xodimlari soni kamida 250 nafar boʻlishi;

    - daromadi 2 milliard rubldan ortiq boʻlishi;

    - soliqlardan qarzi yoʻq boʻlishi.

    “Rabota v Rossii” portalida ish beruvchi tashkilotlarning chet el fuqarolarini ishga jalb qilish boʻyicha buyurtmalari shakllantiriladi, talabnomalari joylashtiriladi va mehnat migrantlarini Rossiyaga olib kirish bilan bogʻliq boshqa jarayonlar amalga oshiriladi.

    Shuningdek, mehnat migrantlari uchun transport, ovqatlanish, turar joy va karantin joylarini tashkil etish ish beruvchi tashkilot tomonidan taʼminlanishi kerak, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.