Chet el universitetlariga hujjat topshirish, bu qiyin jarayonmi?

    Ta'lim 29 Avgust 2023 2734

    Yildan-yilga xorijiy ta’lim tizimi chet elda ta’lim olishni istovchilar soni ortib bormoqda. Do‘stlaringiz bilan suhbat davomida bu mavzuni bir marotaba bo‘lsada muhokama qilgan bo‘lishingiz aniq.

    O‘zbekistondan har yili qancha talaba chet elda tahsil olishi haqida rasmiy statistik ma’lumotlar mavjud bo‘lmasada, biroq, ayrim tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, chet elda tahsil oluvchi talabalar soni taxminan 60 mingga yetishini ko‘rsatmoqda. 2020-yilning 1-yanvar holatiga, YuNeSKOning statistika instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 53 ming O’zbekistonlik talaba boshqa mamlakatlarda tahsil olayotgani aytiladi. Talabalar o‘rtasida migratsiya yo‘nalishlarida Rossiya, Xitoy, Chexiya, Polsha va Turkiya yetakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, yurtdoshlarimizning yana bir qismi AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya hamda Singapur kabi rivojlanayotgan davlatlarda tahsil olib kelmoqda.

    Bizga ma’lumki ko‘pchilik chet elda o‘qishni qimmat va qiyin deb hisoblaydi. Shu sababli boshqa davlatda o‘qish istagida bo‘lgan odam qanday bosqichlarni bosib o‘tadi, yo‘lda qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin, tayyorgarlikni qachon va qaerdan boshlashi kerak? Keling, ushbu savollarga e’tibor qaratsak.

    Qaysi davlatda o‘qishni xohlaysiz? Bu siz aniqlashingiz kerak bo‘lgan birinchi masala. Mamlakatni tanlagandan so‘ng, qaysi shaharda o‘qishni xohlayotganingiz haqida o‘ylab ko‘ring. Albatta, tasavvurni chek-chegarasi yo‘q. Shu bilan birga, maslahatim davlat va shahar tanlashda iloji boricha sovuqqon bo‘lish lozim.

    Kelajakda qaysi soha vakili bo‘lmoqchi ekanligingizni aniqlab oling: O‘z qiziqishingizga mos mutaxassislik yo‘nalishini tanlang. Ehtimol, bu bir nechta yo‘nalish bo‘lishi mumkin, balki siz bakalavr darajasidan keyin mutaxassisligingizni o‘zgartirishni yoki ikkinchi ma’lumot olishni xohlarsiz. Qanday bo‘lmasin, siz o‘zingizga eng munosib bo‘lgan sohani tanlashingiz va bu o‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qilishingiz kerak, buning uchun quydagi masalalarga e’tibor bering.

    • O‘zingizga yoqqan sohalarni ko‘zdan kechiring;
    • Siz tanlagan davlatda qanday sohalar rivojlanganligiga e’tibor bering;
    • Hozirgi kunda zamonaviy mehnat bozorida kimlarga talaba yuqori ekanligini o‘rganing;

    Universitet reytinglarni yaxshilab o‘rganib chiqing: O‘zingizni o‘z qiziqish va talablaringizga mos universitetni topish uchun, o‘zingiz uchun maqbul bo‘lgan universitetlarning reytinglarini qayta tekshirib ko‘ring. O‘zingizni qiziqtirgan sohaga qarang, masalan, “informatika” yoki “biologiya” sohasida qaysi universitetlar yuqori reytingga ega.

    O‘zingizga ma’qul bo‘lgan dasturni tanlang: Bu chet el universitetiga kirish uchun ariza topshirishda birinchi qadamdir. Universitet veb-saytida o‘zingizga yoqqan har bir dastur uchun talabalarni ko‘rib chiqing, shu bilan birga siz o‘z imkoniyatlaribgiz va universitet tomonidan qo‘yiladigan shartlarni ham inobatga oling. Ariza berish narxlari, o‘quv to‘lovlari va stipendiyalar to‘g‘risida yaxshilab tanishib chiqing

    Hujjatlarni topshirish. Har bir universitet uchun talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati boshqacha bo‘lishi mumkin. Hatto kasbga qarab ham farq qiladi. O‘zbekistonda hujjatlarni qabul qilish iyun-iyul oylarida amalga oshirilsa, xorijda esa tizim biroz boshqacha. Misol uchun, Amerika muddatlari erta 2022-2023 o‘quv yilida 2022-yil boshlangan kuzda darslarni boshlash uchun qish faslida ayrim oliy o‘quv yurtlarida hujjatlarni qabul qilish yakunlanadi. Shuning uchun ariza topshirishni bir zumda sodir bo‘ladigan narsa deb o‘ylamang. Shu sababli oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rib hech qanday xatoga yo‘l qo‘yilmaganligiga ishonch hosil qiling, chunki kichik e’tiborsizlik ham katta salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

    Hujjatlarni to‘ldirish har bir mamlakatda maxsus dastur tizimi yordamida amalga oshirilishi mumkin. (Masalan, Germaniyada uni-assist, Amerikada Common App, Buyuk Britaniyada UCAS). Magistratura va doktoranturaga qabul odatda universitet veb-sayti orqali amalga oshiriladi. Siz barcha kerakli hujjatlarning skanerlangan versiyalarini ilova bilan birga internet orqali tizimga yuklaysiz va yuborasiz. Zarur bo‘lganda, ta‘lim muassasasi sizdan hujjatlaringizni qog‘oz nusxasini talab qilishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, siz xalqaro pochta xizmatlariga murojaat qilishingiz kerak.

    Barcha jarayonlarni muvaffaqiyatli topshirgandan so‘ng, kutish qoladi. Javob darhol kelmasligi mumkin, ammo qabul qilmasalar ham albatta javob berishadi. Hujjatlarni birma-bir jo‘natgandan so‘ng, uning javobini bir necha hafta kutishga to‘g‘ri keladi. Kutish vaqti siz tanlagan davlat va universitetlarga qarab har xil bo‘lishi mumkin. Javob sizning elektron pochtangizga yoki oddiy pochta orqali yashash manzilingizga kelishi mumkin.

    “Qabul qilish xati” yoki taklifnoma bu sizga o‘qishga rasmiy taklifnoma olganingizni bildiradi. Bu xat keyinroq viza uchun murojaat qilganingizda va boshqa masalalarni hal qilishingiz uchun kerak bo‘ladi.

    Chet el universitetlariga hujjat topshirish bo‘yicha ayrim masalalarni ko‘rib chiqdik. Chet elda yoki O‘zbekistonda o‘qishingizdan qatiy nazar, Siz o‘zingiz uchun to‘g‘ri qaror qabul qilishingiz kerak, bu esa yanada muhimroqdir. Qaror aniq va yaxshi o‘ylangan bo‘lishi kerak. Agar siz qiyinchiliklardan qo‘rqmasangiz va kelajagingiz uchun kurashishga tayyor bo‘lsangiz, ikkilanmang. Esda tutingki, hamma narsa sizga bog‘liq va hech kim sizni to‘xtata olmaydi!

    Muhammadjon TURSUNOV,
    TDYU tyutori