Bu qanday amalga oshiriladi?
Dastlab, fuqaro chet elda boʻlgan vaqtda ishonchnoma rasmiylashtiradi hamda vakolatli davlat organi tomonidan apostil qoʻydiradi.
Mazkur jarayonni pensioner chet elga ketgan kundan boshlab 3 oy ichida amalga oshirishi tavsiya etiladi. Aks holda pensiya 3 oydan keyin vaqtincha toʻxtatib turilishi mumkin.
ESLATMA: «Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisida«gi Konvensiyaning ishtirokchi davlatlarida faoliyat yuritayotgan Oʻzbekiston fuqarolari ishonchnomaga apostil qoʻydirishlari talab etilmaydi.
Pensioner ishonchnomaning asl nusxasini ishonchli vakilga topshiradi. Ishonch bildirilgan shaxs ishonchnomani pensioner pensiya olayotgan bankka taqdim qiladi. Qonunchilik talablariga asosan ishonchnomani olgan bankning tegishli boʻlimi tomonidan ishonchnoma nusxasi Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga yuboriladi. Mazkur ishonchnoma bilan ishonchli vakil pensiyani olishni davom ettirishi mumkin.
Bunda yana shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, ishonchnoma bergan shaxs (pensioner) Pensiya jamgʻarmasi boʻlimiga 1-yilda kamida 1-marta kelib tayinlangan pensiyaga boʻlgan oʻz huquqini tasdiqlashi kerak boʻladi.
Pensionerning pensiyasi toʻxtatib turilgan taqdirda yoki pensioner Oʻzbekistonga kelish imkoniyati boʻlmasa nima qilish lozim?
Oʻzbekistonga kelish imkoniyatiga ega boʻlmagan holatlarda pensioner Oʻzbekiston Respublikasining chet eldagi diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasiga murojaat etishi mumkin va xorijiy davlat hududida doimiy yashash holati mavjud emasligini, shuningdek, pensiya yoki ijtimoiy nafaqa olmasligini tasdiqlovchi maʼlumotnomani olishi lozim.
Olingan mazkur maʼlumotnoma ishonchnomaga ilova qilingan holda ishonchli vakil tomonidan Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga taqdim qilinishi kerak. Shundan soʻng, toʻxtatib turilgan pensiya qayta tiklanadi.
Ishonchnoma bilan pensiya olmoqchi boʻlmagan pensionerlar Oʻzbekistonga qaytgandan soʻng ham olinmay qolgan oylardagi pensiyalarini belgilangan tartibda olish huquqiga ega.