Kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, Oʻzbekistondan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni ishga joylashtirish boʻyicha xizmatlar uchun haqni ish qidirayotgan shaxslardan emas, balki ish beruvchilardan undirish belgilandi.
Qonunga koʻra, yuqoridagi xizmatlarni koʻrsatuvchi xususiy bandlik agentliklari BHMning 8 500 baravari miqdoridagi mablagʻni Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamgʻarmasida zaxira qilib qoʻyadi (amalda bu miqdor 50 ming dollarni tashkil qiladi).
Xususiy bandlik agentliklari ishga joylashtirish sohasida taqdim etadigan axborot va maslahat xizmatlarining qiymati BHMning bir baravarigacha miqdorda (223 ming soʻm) belgilandi (amalda shartnoma asosida yoki bepul koʻrsatiladi).
Shuningdek, qonunda xususiy bandlik agentliklarining chet ellik ish beruvchi, sheriklar bilan hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma tuzishi ham zaruriy shart qilib belgilandi.
Xususiy bandlik agentliklariga ular tomonidan xizmatlar koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomani “labormigration.uz” axborot tizimida real vaqt rejimida roʻyxatdan oʻtkazish majburiyati yuklatildi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi, deb xabar beradi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot xizmati.









