Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslar toʻgʻrisida yagona markazlashtirilgan axborot manbaini shakllantirish, shuningdek davlat xizmatlarini koʻrsatishda idoralararo elektron hamkorlikni taʼminlash maqsadida quyidagilar tasdiqlandi:
- Yuridik shaxslar, faoliyatini vakolatxona, filial yoki doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan chet el yuridik shaxslari va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslarning markaziy maʼlumotlar bazasini (keyingi oʻrinlarda – Markaziy maʼlumotlar bazasi) shakllantirish va yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom;
- Markaziy maʼlumotlar bazasida foydalaniladigan klassifikator va maʼlumotnomalar roʻyxati.
Hujjat bilan quyidagilar belgilandi:
- Davlat soliq qoʻmitasi Markaziy maʼlumotlar bazasini yuritish boʻyicha vakolatli organ hisoblanadi;
- Markaziy maʼlumotlar bazasi soliq organlarining Yagona integratsiyalashtirilgan axborot-resurs bazasi negizida tashkil etiladi, DSQning maʼlumotlarni qayta ishlash markazini modernizatsiya qilish va soliq maʼmuriyatchiligida zamonaviy AKTni keng joriy etish loyihasining mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi;
- masʼul davlat organlari (hujjatga ilovada keltirilgan roʻyxat boʻyicha) tomonidan tegishli maʼlumotlar va klassifikatorlar Elektron hukumatning maʼlumotnomalar va klassifikatorlar registrini shakllantirish va yuritish hamda yagona identifikatorlardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga (16.07.2020-yildagi 444-son VMQ bilan tasdiqlangan) muvofiq joylashtiriladi va yangilab boriladi.
DSQga manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda quyidagilarni amalga oshirish topshirildi:
- bir oy muddatda 2020-yil 1-dekabrga qadar davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarini Markaziy maʼlumotlar bazasiga integratsiya qilish grafigini tasdiqlash;
- uch oy muddatda:
- kiberxavfsizlik talablariga javob beradigan zamonaviy server uskunalarini xarid qilish va oʻrnatish;
- davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini Markaziy maʼlumotlar bazasi bilan birlashtirish uchun texnik talablarni tasdiqlash;
- 2021-yil 1-yanvarga qadar markaziy maʼlumotlar bazasini ishlab chiqish va ishga tushirish.
Markaziy maʼlumotlar bazasiga maʼlumotlarning kiritilishi va yangilanishiga masʼul boʻlgan davlat organlari va tashkilotlariga quyidagi vazifalar topshirildi:
- ikki oy muddatda tasdiqlangan klassifikatorlar va maʼlumotnomalar roʻyxatiga muvofiq oʻzlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalariga oʻzgartirish kiritilishini taʼminlash;
- 2021-yil 1-yanvarga qadar tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi chet el yuridik va jismoniy shaxslari toʻgʻrisidagi oʻzlarining mavjud maʼlumot bazalaridagi maʼlumotlarning haqqoniyligi va dolzarbligini taʼminlash boʻyicha xatlov oʻtkazish.
Davlat statistika qoʻmitasiga quyidagi vazifalar topshirildi:
- bir oy muddatda DSQ, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda Markaziy maʼlumotlar bazasidagi yigʻma maʼlumotlarni eʼlon qilish jadvallari namunalarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
- har oyning yakuni boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni belgilangan tartibda vazirlik va idoralarga taqdim etish.
DSQga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda elektron hamkorlik orqali roʻyxatdan oʻtkazilgan va akkreditatsiyadan oʻtgan quyidagi tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning Markaziy maʼlumotlar bazasiga kiritilishini taʼminlash topshirildi:
- NNT, advokatlik byurolari va firmalari, advokatlar hayʼati;
- banklar, kredit byurolari va xorijiy banklarning vakolatxonalari;
- diplomatik vakolatxonalar, xorijiy davlatlarning konsullik muassasalari, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalari;
- xorijiy tijorat tashkilotlarining vakolatxonalari.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 4.09.2020-yildan kuchga kirdi.