Chet tillariga oʻqitish va xorijiy davlatlarda ishlashga tayyorlash markazi tashkil etildi

    Ta'lim 22 Aprel 2024 544

    Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 17-apreldagi “Yoshlarni kasbga (mutaxassislikka) va chet tillariga oʻqitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 213-son qarori qabul qilindi.

    Prezidentning “Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2024-yil 4-apreldagi PF-59-son Farmoniga muvofiq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tuzilmasida Fuqarolarni (yoshlarni) chet tillariga oʻqitish va xorijiy davlatlarda ishlashga maqsadli tayyorlash markazi tashkil etilyapti.

    Markazning asosiy vazifalari:

    - professional taʼlim muassasalarida taʼlim oluvchilarni kasb va chet tillariga oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish;

    - xorijiy ish beruvchilarning mehnat migratsiyasi sohasidagi ehtiyojlarini aniqlash va keng omma uchun ochiq eʼlon qilish;

    - professional taʼlim muassasalarida oʻqitiladigan kasblar (mutaxassisliklar) hamda chet tillarini bilish darajasiga qoʻyilgan talablar boʻyicha buyurtmalarni shakllantirish;

    - xorijda ishlash istagi boʻlgan Oʻzbekiston fuqarolarini ish beruvchilar tomonidan tanlab olish jarayonlarini tashkil etish;

    - professional taʼlim muassasalarini xorijiy mamlakatlarning madaniyati va urf-odatlariga oid maʼlumotlar bilan taʼminlash.

    Markaz oʻz faoliyatini yuridik shaxs tashkil etmasdan bevosita Agentlik rahbarligida amalga oshiradi. Markazning 16 shtat birligini saqlash bilan bogʻliq xarajatlar Agentlik tomonidan koʻrsatilgan pulli xizmatlardan tushgan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi.

    Hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

    Kasb (mutaxassislik) va chet tillariga oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladigan professional taʼlim muassasalari (keyingi oʻrinlarda — professional taʼlim muassasalari) roʻyxati;

    Professional taʼlim muassasalarida kasb (mutaxassislik) va chet tillariga oʻqitish boʻyicha oʻquv kurslarini tashkil etish chora-tadbirlari dasturi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 2024-yil 18-apreldan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.