Shu yil 19 may kuni Prezidentimizning yurtimizda chet tillarni, jumladan, ingliz tilini o'qitish sifati va qamrovini oshirishga qaratilgan “O'zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi tashkil etildi. Agentlik faoliyat boshlaganiga hali ko'p bo'lmagan esa-da, xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish bo'yicha samarali va rejali ishlar bajarilmoqda.
Xususan, mamlakatimizda chet tillarni B2 darajada biladigan o'qituvchilar oyligiga 40 foizgacha, C1 darajasida o'zlashtirgan pedagoglarnikiga 50 foiz ustama belgilangan. Bundan tashqari, chet tili bo'yicha ko'nikmalarni namoyish qilish uchun xalqaro testlar ro'yxati tasdiqlangan. Pedagoglar test xarajatlarini qoplash uchun moddiy jihatdan ko'mak olishi mumkin. Shu bilan birga, o'qituvchilarning malaka oshirishiga ko'maklashuvchi o'quv materiallar, jumladan, ingliz tilini o'rganish maqsadida kitoblar xarid qilish uchun 1 million so'mlik yangi stipendiya joriy qilindi.
Nafaqat ta'lim, balki bir qancha boshqa yo'nalishlarda, ayniqsa, davlat sektorida xorijiy tillarni biluvchi xodimlar uchun qator imtiyozlar joriy etilmoqda. Shu sababli davlat xizmatchilarining xorijiy til bo'yicha ko'nikmalarini rivojlantirish qo'llab-quvvatlanmoqda va ish joylarida haftada kamida bir kun davlat tomonidan moliyalashtiriladigan til o'rganish mashg'ulotlari tashkil etilmoqda.
— Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi 2021 yil sentyabr` oyida Cambridge Assessment tashkiloti bilan ingliz tili o'qituvchilarini tayyorlash, baholash va o'quv materiallari bo'yicha hamkorlik memorandumi imzoladi, — deydi Agentlik direktori o'rinbosari Azimjon Husanov. — Bugunga qadar O'zbekistonda ingliz tilini bilish darajasini ko'rsatish uchun tasdiqlangan testlardan biri — Linguaskill ni etkazib berish bo'yicha kelishuv ustida birgalikda ishlamoqdamiz. Mamlakatimiz bo'ylab xalqaro tan olingan sertifikat taqdim etuvchi va natijalari qisqa muddatda e'lon qilinuvchi Linguaskill testi va o'quv resurslarini etkazib berish bo'yicha ishlar bajarilmoqda. Ushbu sertifikat o'qituvchilarga oylik maoshiga ustama olish, malaka oshirish kurslaridan ozod bo'lish kabi ko'plab imkoniyatlarni taqdim etadi.
Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi hamda Cambridge hamkorligida Linguaskill testlari O'zbekistonda birinchi marta qo'llanmoqda. Kelgusida mamlakatimiz bo'ylab millionlab o'quvchini qamrab olish rejalashtirilgan. Linguaskill Cambridge Assessment English tasarrufidagi test bo'lib, u onlayn o'tkaziladi va gapirish, yozish, o'qish va tinglash ko'nikmalarini qamrab oladi. U til bilish qobiliyatini tavsiflashning xalqaro standarti bo'lgan Common European Reference Framework (CEFR) natijalarni tekshirish, shuningdek, qisqa vaqt va resurslar bilan oson tayyorlanishga sharoit yaratadi.
Ingliz tili ta'limini rivojlantirish bo'yicha hamkorlikning ahamiyati
— Chet tillarni o'rganishni ommalashtirish yuzasidan hamkorlik ko'plab yurtdoshlarimizning ingliz tilini puxta va sifatli o'zlashtirishiga yordam beradi, — deydi Azimjon Husanov. — Misol uchun, shu yilgacha mahalliy mualliflar yozgan kitoblarga interaktiv materiallar va qo'shimcha manbalar ilova qilinmagan. Kelgusi o'quv yilidan boshlab Cambridge nashriyotining “Guess What” va “Prepare” kitoblari yurtimizdagi barcha maktablarning o'quv dasturiga kiritiladi. Hozirgacha mamlakatimizdagi oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida ingliz tilidan faqat grammatika asosidagi testlardan foydalanyapmiz. Vaholanki, bu xalqaro standartlarga mos emas. Xo'sh, unda nega ingliz tilini o'rganish uchun mavjud resurslar va eskicha yondashuvdagi testlardan foydalanishni davom ettirishimiz kerak? Shuning uchun ham Cambridge bilan hamkorlik orqali Linguaskill testini joriy qilmoqdamiz. Agentlik Linguaskillni mamlakatimiz bo'ylab ommalashtirishni ma'qul deb topgani sababi — u akademik darajada talab qilinadigan emas, balki umumiy, kundalik faoliyat uchun zarur bo'lgan ingliz tili ko'nikmalarini sinashga mo'ljallangan. Ushbu testning tuzilishi va tayyorlanishini sinchkovlik bilan o'rganib chiqdik. endi mamlakatimiz bo'ylab ishonch bilan ommalashtirishimiz mumkin. Qiziqarliligi testning oson ekanidan dalolat bermaydi. Undan ikkilanmay bemalol foydalanish mumkin. Chunki test savollari o'zlashtirilgan bilimlarga asoslanadi. Biz dastlab Linguaskill tizimiga internet orqali ulanish qiyin kechishidan xavotirda edik. Biroq buni turli hududlarda sinab ko'rgach, internet tezligi etarli darajada ekaniga ishonch hosil qildik. Navbatdagi ustuvor yo'nalishlar Xorijiy tillarni o'rganishni ommalashtirish agentligi BMTdagi barcha rasmiy tillarni targ'ib qilish harakatida. Shuningdek, mamlakatimiz chet tillarni targ'ib qilish maqsadida CELTA, DELTA va TKT malaka testlari tan olinishi va ommalashtirilishi tashabbuskori bo'ldi. Til o'rganish uchun ta'limning barcha bosqichida ilg'or o'quv dasturlar qo'llanishi rag'batlantiriladi. Buning namunasi sifatida 207 ta ixtisoslashtirilgan maktabda til o'rganish laboratoriyalari tashkil etilmoqda. Ushbu laboratoriyalar keng qatlamning til o'rganishga munosabatini o'zgartirishga yordam beradi.
Loyihadan maqsad faqat o'qituvchiga yo'naltirilgan dars o'tish uslubidan uzoqlashgan holda barcha maktablarda innovatsion g'oyalarni keng targ'ib etish va qo'llashdan iborat. Xususan, yurtimizning olis hududlarida malakali xorijiy til o'qituvchilari kamligini inobatga olgan holda, ma'ruzaga asoslangan dars o'tish tizimidan ko'ra, ko'nikmalarini rivojlantirishga asoslangan yondashuvni targ'ib etish juda muhim.
R. Madieva