Jumladan, joylardagi ahvol maqsad qilingan katta rejalarga mos emasligi, xususan, taʼlim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili oʻqituvchisi lavozimi vakant boʻlib qolayotgani, 1 ming 400 ta maktabda chet tilni oʻqitish sifati mutlaqo qoniqarsizligi, bu tizimdagi oʻqituvchilarning atigi 4 foizi milliy va xalqaro til sertifikatiga ega ekani, 49 foizi testdan oʻta olmagani taʼkidlab oʻtildi.
Bu holat juda ayanchli. Biz mavjud vaziyatdan kelib chiqib, mana shunday muammolarning oldini olish maqsadida Samarqand davlat chet tillar institutida xorijiy tillarni oʻqitadigan va abituriyentlarni oliy taʼlim muassasalariga tayyorlaydigan markazlar ochganmiz.
Ushbu markazlarda har yili ikki mingdan ortiq abituriyent xorijiy tillarini oʻrganadi. Prezidentimiz topshirigʻidan kelib chiqib, kelgusida har yili markazlarimizda xorijiy tillarni oʻrganadigan abituriyentlar sonini 5000 nafarga chiqarishni rejalashtirdik.
Mazkur markazlarga Britaniya Kengashi, AQSH elchixonasi, Gyote instituti, Alʼyans Fransez, KOICA, Konfutsiy instituti hamda DAAD tashkilotlari bilan hamkorlikda xorijlik oʻqituvchilarni jalb qilganmiz va kechki oʻquv kurslarini yoʻlga qoʻyganmiz. Ularda nafaqat abituriyentlar, balki oʻqituvchilar ham tayyorgarlik koʻrishlari mumkin.
Samarqand viloyatida jami 1 257 ta maktabda 5 404 nafar chet tili oʻqituvchisi (3 751 nafari, 69,4 foizi ayollar) faoliyat yuritmoqda. Ingliz tilidan dars beradigan 4 559 oʻqituvchidan boryoʻgʻi 221 nafari (4,8 foizi) IELTS, CEFR sertifikatiga ega.
Nurobod tumanidagi 17-maktab (maktabda 52 nafar oʻqituvchi, 530 nafar oʻquvchi) faoliyatini oʻrganganimizda, yangi avlod darsliklari, zamonaviy oʻqitish metodikalari, xalqaro til bilish sertifikatiga ega oʻqituvchilar hamda moddiy-texnik baza yetishmasligi aniqlandi. Oqibatda oʻtgan oʻquv yilida 22 nafar bitiruvchidan faqat 5 nafarigina (27,2 foiz) OTMga qabul qilingan. Mavjud xolatdan kelib chiqib, tumandagi 79 ta maktabdan 10 tasiga institutning 20 nafar professor-oʻqituvchisi va magistrantini biriktirdik.
Bu tajribani ommalashtirish maqsadida viloyat shahar va tumanlaridagi 60 ta maktab tanlab olinib, institutning 60 nafar tajribali professor-oʻqituvchisidan iborat lingvo-audit xizmati tashkil etildi. Maktab oʻqituvchilarining chet tilni bilish darajasini oshirish va ularni yangi metodikalar bilan tanishtirish maqsadida kaskad usuli orqali tumanlar kesimida trenerlar tayyorlandi.
Chet tili oʻqituvchilari uchun 40 soatlik onlayn darslar tashkil etildi. 68 ta videodars elektron taʼlim platformasiga joylashtirildi. Shu asnoda institutning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan barcha maktablarning kutubxona va moddiy-texnik bazasini rivojlantirishga 100 million soʻm yoʻnaltirildi. Bu saʼy-harakatlarimiz va taʼlimga kiritayotgan sarmoyamiz inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan, albatta.
Prezidentimiz aytganidek, Oʻzbekiston davlat jahon tillari va Sharqshunoslik universitetlari, Samarqand davlat chet tillar instituti bilan bir qatorda har bir viloyatda bittadan universitet chet tillar boʻyicha tayanch muassasa sifatida belgilanmoqda. Aniqroq aytadigan boʻlsak, endilikda har bir viloyatda tashkil etilayotgan tayanch taʼlim muassasasi orqali viloyatning barcha tumanlaridagi, hattoki chekka qishloqlardagi chet tili oʻqituvchilarining ham malakaviy va metodik salohiyatini oshirish, bilim, saviya hamda koʻnikmalarini boyitish, maktab oʻquvchilariga zamonaviy adabiyotlar asosida chet tillarni oʻqitish uchun yangi-yangi imkoniyatlar eshigi ochiladi. Bu orqali xorijiy tillarni oʻqitish sifati oʻsishiga erishish mumkin.
Prezidentimizning 2020-yil 6-noyabrdagi “Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, 2021-yil 1-martdan boshlab pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy taʼlim muassasalari hamda litsenziyaga ega nodavlat taʼlim tashkilotlariga xalq taʼlimi sohasida faoliyat koʻrsatayotgan rahbar, mutaxassis va pedagog xodimlarning malakasini oshirish huquqi berilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Samarqand davlat chet tillari institutida xorijiy tillar boʻyicha barcha taʼlim bosqichlari uchun uzviylikda faoliyat yurituvchi kompleks malaka oshirish va qayta tayyorlash ilmiy-metodik markazini tashkil etish taklifini bildirdik.
Ushbu markazda viloyat miqyosida yiliga xalq taʼlimi tizimidan 900 nafar, maktabgacha taʼlim tizimidan 500 nafar, oliy taʼlim tizimidan 1 304 nafar, jami 2 704 nafar chet tili oʻqituvchisi va pedagog xodim malaka oshirishi rejalashtirilgan.
Ilmiy-metodik markazda hamkor xalqaro tashkilotlarning katta tajribasi, zamonaviy metodikalaridan unumli foydalangan holda, qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil etilib, xalqaro tillar boʻyicha sertifikatlarni berish imkoniyatlari kengayadi.
Mazkur markazda maktabgacha va xalq taʼlimi tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari olib borishni yoʻlga qoʻyish ham mumkin.
Bundan tashqari, ushbu ilmiy-metodik markazda maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus, professional va oliy taʼlim tizimida faoliyat koʻrsatayotgan pedagog xodimlarni, turli sohalar mutaxassislarini, biznes vakillari va tadbirkorlarni chet tillar boʻyicha 6 oylik intensiv qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kabi imkoniyatlar ham mavjud. Talabgorlar oʻz ixtiyoriga koʻra, anʼanaviy va masofaviy taʼlim shaklida malaka oshirishi mumkin boʻladi. Tizimga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etiladi hamda elektron taʼlim platformasi orqali tinglovchilarga onlayn taʼlim olish imkoniyati yaratiladi.
Bizga Prezidentimizning Samarqand davlat chet tillar instituti faoliyatini takomillashtirish hamda kompleks malaka oshirish va qayta tayyorlash ilmiymetodik markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi qarori loyihasini bir oy muddat ichida ishlab chiqish vazifasi yuklatildi. Bu qaror tasdiqlanishi mazkur yoʻnalishdagi ishlarimizni yangi bosqichga koʻtarishga poydevor boʻladi.
Videoselektor davomida Prezidentimiz xorijiy kitoblar, ilgʻor oʻquv dasturlari va metodikalardan erkin foydalanish hamda fanlarni chet tilida oʻqitishni yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida ham gapirib oʻtdi. Buning tasdigʻini Samarqand davlat chet tillar institutida ochilgan yangi mutaxassislik “Kompyuter lingvistikasi” yoʻnalishida koʻrishimiz mumkin. Ushbu mutaxassislik 2020/2021 oʻquv yilida ochildi. Mazkur yoʻnalishda axborot texnologiyalari ingliz tilida oʻrgatiladi.
Yigʻilishda oliy taʼlim tizimida mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, yangi oʻquv yilidan boshlab, chet tillari boʻyicha qabul kvotalari soni 2 baravar koʻpaytirilib, 16 mingtaga yetkazilishi, davlat granti esa 3 baravarga oshirilishi taʼkidlandi. Biz bu borada rejalarni belgilab oldik va 2021/2022 oʻquv yili qabuli uchun tayyorgarlik ishlarini boshlab yubordik. Jumladan, oʻquv binolarini qurish va mavjudlarini toʻliq taʼmirdan chiqarish, adabiyotlar hamda yangidan-yangi zamonaviy darsliklar yaratish, zamonaviy Axborot-resurs markazlarini, shuningdek, talabalarning zamonaviy binolarda istiqomat qilishlari uchun barcha sharoitlarga ega talabalar turar joylarini qurish, investitsiyalar orqali zamonaviy axborot texnologiyalari vositalari bilan taʼminlash shular jumlasidandir.
Umuman olganda, bugungi kunda ilm-fanga qaratilayotgan eʼtibor, taʼlimga ajratilayotgan sarmoyalar yosh avlodning kelajakda yurtimiz ravnaqi yoʻlida fidokorona xizmat qiladigan kadrlar boʻlib yetishishida dasturilamal boʻladi.
Ilhomjon TOʻXTASINOV,
Samarqand davlat chet tillar instituti rektori,
pedagogika fanlari doktori, professor








