Tadbirning ochilishida institut rektori, filologiya fanlari bo'yicha falsafa doktori, professor Rivojiddin Karimov ta'lim tizimidagi islohotlar, fan va amaliyot integratsiyasi, xorijiy tillarni chuqur o'rganish va yoshlarning ilmiy salohiyatini yuksaltirish yo'lida institutda qilinayotgan ishlar haqida atroflicha ma'lumot berdi.
Konferentsiyada Buxoro davlat universiteti, Qo'qon davlat pedagogika instituti, Termiz davlat universiteti, Samarqand davlat chet tillar instituti, Andijon davlat chet tillar instituti, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti, Namangan davlat universiteti hamda University Business and Science nodavlat oliy ta'lim muassasasi professor-o'qituvchilari va yosh tadqiqotchilari ilmiy maqola va ma'ruzalari bilan ishtirok etdi.
Anjuman shu'balarda davom etdi. Til o'rgatishning innovatsion usullari, tarjimashunoslik, lingvodidaktika, adabiyotshunoslik, raqamli ta'lim, madaniyatlararo muloqot va integrativ metodikalar kabi shu'balarda sohaga doir muhim masalalar muhokama qilindi. Jumladan, “Raqamli ta'lim sharoitida akademik yozuv kompetentsiyasini shakllantirish masalalari”, “G'arbiy Evropada tarjima didaktikasi tajribalari”, “Ingliz tilida kasbiy kompetentsiyani shakllantirishda sohaviy matnlarni o'rgatish usullari”, “Tarjimada uchraydigan lingvistik bo'shliqlar (lakunalar) va ularning echimlari” nomli ma'ruzalar tinglandi.
SHuningdek, boshqa ishtirokchilar tomonidan raqamli vositalar orqali til o'qitish, madaniyatlararo muloqot, nofilologlarga chet tili o'rgatish, yoshlar motivatsiyasi va amaliy metodik yondashuvlar bo'yicha dolzarb va tahliliy chiqishlar taqdim etildi.
SHu'ba yig'ilishlarida o'zaro tajriba almashish, fikrlar uyg'unligi, yangi g'oyalar yuzaga chiqishi, amaliy hamkorlik yo'nalishlarini oydinlashtirish bo'yicha samarali muloqot qilindi. Ta'lim sifatini oshirish, metodik bazani boyitish, yosh olimlarni rag'batlantirishga doir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.
Ushbu ilmiy anjuman ta'lim, fan va innovatsiya o'rtasidagi uzviylikni mustahkamlovchi, oliy ta'lim muassasalari o'rtasida ilmiy hamkorlikni chuqurlashtiruvchi, o'qituvchi va tadqiqotchilar uchun zamonaviy yondashuvlar, yangi qarashlar va samarali metodikalarni shakllantiruvchi bilim va tajriba maydoniga aylandi. Anjuman natijalari nafaqat bugungi ta'lim amaliyotiga, balki yosh avlodni raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlash strategiyasiga xizmat qiladi, deyiladi institut axborot xizmati xabarida.











