Chevrolet avtomobillarini ochiq osmon ostida saqlagan dilerga chora koʻrildi

    Ijtimoiy tarmoqlarda ochiq osmon ostida Chevrolet avtomobillari saqlanayotgani aks etgan video tarqaldi.

    Maʼlum boʻlishicha, video Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahridagi diler hududida tasvirga olingan boʻlib, holat yuzasidan 2 hafta oldin chora koʻrilgan.

    Ushbu avtomobillar dilerga avval tuzilgan shartnomalar boʻyicha mijozlarga tarqatish uchun yetkazib berilgan. Yangi avtomobillarni saqlash talabini buzgani uchun kompaniya tomonidan dilerga nisbatan allaqachon zaruriy choralar koʻrilgan va bu boʻyicha unga jarima sanksiyasi qoʻllanilgan.

    UzAuto Motors har bir ishlab chiqarilayotgan avtomobilning ishlab chiqarish davridan tortib to dilerdan mijozga yetkazgunga qadar boʻlgan har bir bosqich uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga oladi.

    Videodagi avtomobillarning likvidsizligi haqidagi izohlarga kelsak, UzAuto Motors 2024-yilda avtomobillarga boʻlgan talabni bajarish maqsadida zavod ishlab chiqarish hajmini sezilarli darajada oshirganini alohida taʼkidlamoqchimiz.

    Bu bir qator avtomobillarni kutishlarsiz, shu zahoti sotib olish uchun yetarli zaxirani yaratishga, shu bilan birga mavjud Chevrolet modellarining kutish vaqtini sezilarli darajada qisqartirish imkonini berdi.

    Shuningdek, kompaniya auditoriya ketidan quvib, bunday voqealardan sensatsiya yaratmaslikka chaqiradi.

    UzAuto Motors yuzaga keladigan muammolarni muhokama qilish uchun doimo ochiq, qolaversa jamoatchilik kompaniyaga bunday holatlar yuzasidan toʻgʻridan toʻgʻri xabar berishi mumkin.