Majburiy ijro byurosi Namangan viloyat boshqarmasi va uning hududiy boʻlimlari tomonidan amaldagi qonunchilikka koʻra, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video texnika vositalari orqali qayd etilgan yoʻl harakati qoidabuzarliklari boʻyicha qoʻllanilgan jarimalar vaqtida toʻlamagan qarzdorlardan undirilmoqda.
Xususan, joriy yilning oʻtgan davrida boʻlimlar ish yurituviga jami yoʻl harakati bilan bogʻliq jarimalarni undirishga oid 110 mingga yaqin ijro hujjatlari kelib tushgan, shundan 76 mingdan ortigʻini ijrosi tamomlanib, 23 mlrd. soʻmlik jarimalar amalda undirilgan.
Shuningdek, qarzdorlikni toʻlash choralarini koʻrmagan huquqbuzarlarning 2 303 ta avtotransport vositalari jarima maydonlariga tortildi.
Masalan, 60 kunlik muddatda toʻlanmagan 98 ta jarimasi (36,3 mln. soʻmlik) mavjud boʻlgan “Chevrolet Tracker” rusumli avtomashina egasi davlat ijrochisi tomonidan qarzdorlikni bartaraf etish yuzasidan ogohlantirilgan boʻlsada, qarzdorlik toʻlanmagan. Shu bois, ushbu avtomashina vaqtinchalik jarima maydonchasiga joylashtirilgan.