Chexiyada Ikkinchi jahon urushi davriga tegishli xazina topildi

    Fan 6 May 2025 1166

    Chexiya oʻrmonida oltin tangalar, zargarlik buyumlari va boshqa buyumlarning katta kolleksiyasi topildi deya xabar bermoqda “Fox News”.

    Muzey rasmiylari qimmatbaho buyumlarning taxminiy yoshiga tayanib ular Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilaridan biriga tegishli ekanini taxmin qildi. Xodimlarga koʻra, 15 funtdan ortiq bu buyumlar 2025-yilning fevral oyida ikki sayyoh tomonidan Zvichina tepaligi yaqinidagi devordan topilgan.

    Ikkita idish ichida 598 ta tanga, bilaguzuklar, kalitli zanjir va tamaki xaltachalari va hokazolar aniqlangan. Tangalarning yoshi 1800—1900-yillarga toʻgʻri keladi. Ularning aksariyati Fransiyada, qolganlari Avstriya-Vengriya, Belgiya va Usmonli imperiyasida zarb qilingan. Buyumlar urush davrida ataylab asrash uchun koʻmilgani aytilmoqda.

    Ikkinchi jahon urushigacha boʻlgan yillarda, ayniqsa, 1938-yilda Germaniya Sudetni anneksiya qilganidan keyin koʻplab aholi, jumladan, yahudiylar, nemislar va boshqalar kuchayib borayotgan taʼqiblardan qutulish uchun Chexoslovakiyadan qochib ketgan. Ekspertlar hali ham buyumlarning aniq kelib chiqishi ustida tahlil olib bormoqda.