China Xiaou Group rahbari Xuan Xe bilan oʻtkazilgan muzokaralar davomida ushbu loyihaning dastlabki bosqichida 50 million dollar investitsiya hisobiga yigʻish, boʻyash, sozlash liniyalarini yoʻlga qoʻyib, yiliga 60 mingta gaz, elektr va gibrid motorli avtomobillar hamda maxsus transport vositalari ishlab chiqarilishi belgilandi. Ikkinchi bosqichda 350 million dollar va uchinchi bosqichda 1,1 milliard dollar investitsiya yoʻnaltirilib, butlovchi qismlarning koʻpi mahalliylashtirilishi hamda ishlab chiqarilayotgan avtomobillarning soni 110 mingtaga yetkazilishi koʻzda tutilgan. Loyiha 5-yil davomida toʻla yakunlanishi rejalashtirilgan.
Viloyat rahbari boshchiligidagi delegatsiya Chjenszyan shahrida joylashgan, China Xiaou Group kompaniyasining hamkori hisoblangan BAIC Bluepark Magna Automobile zavodida ham boʻlib, elektromobillar ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdilar. Yangi avtomobil modellarini ishlab chiqish hamda tadqiq etishga ixtisoslashgan ushbu korxonada asosan Arcfox, shuningdek, BJEV hamda Huawei texnologiyalari qoʻllanilgan Stelato modellarida yiliga 150 mingdan ziyod elektromobillar ham ishlab chiqariladi.
China Xiaou Group rahbari Xuan Xe Fargʻona viloyatida amalga oshirish rejalashtirilayotgan investitsion loyiha doirasida yoʻlga qoʻyiladigan texnologik jarayonlarni BAIC Bluepark Magna Automobile korxonasi misolida tanishtirdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.