Chinor daraxtining noqonuniy kesilishi 42,9 million soʻm zarar keltirdi

    Yashil sayyora 19 Noyabr 2020 1454

    Ijtimoiy tarmoqlarda poytaxtimizning Chilonzor tumani Gagarin koʻchasida noqonuniy daraxt kesilishi bilan bogʻliq xabarlar paydo boʻldi.

    Yevgeniy Sklyarevskiy olagn surat.

    Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan holat oʻrganilganda, Chilonzor tuman obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan aholining koʻp sonli murojaatlariga asosan yuqorida bayon etilgan manzilda qurigan daraxtlarni sanitar kesish yuzasidan xulosa taqdim etish toʻgʻrisida murojaat qilingan. Mazkur murojaat joyiga chiqib oʻrganilgan hamda fuqarolarning sogʻligʻi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan,oltita qurigan hamda kasallangan daraxtlarga xulosa berilgan.

    18-noyabrda Davlat ekologiya qoʻmitasi, Toshkent shahar ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, Chilonzor tumani Obodonlashtirish boshqarmasi hamda jamoatchilik vakillaridan iborat guruh holat joyiga chiqib, bayon etilgan masalani joyida oʻrgandi.

    Davlat ekologiya qoʻmitasi surati.

    Davlat ekologiya qoʻmitasi oʻrganish yakunlariga muvofiq oltita daraxt tabiiy omillar taʼsirida zararlanib, qurigan daraxtlar qonuniy kesilganligini, shuningdek, bir dona chinor daraxti Chilonzor tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan noqonuniy kesilganligini maʼlum qiladi.

    Ayni damda noqonuniy kesilgan daraxt yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish ishlari olib borilmoqda. Oʻsimlik dunyosiga keltirilgan zarar 42,9 mln soʻmni tashkil etdi. Ushbu zararni undirish uchun hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun tayyorlanyapti, deb xabar beradi Davlat ekologiya qoʻmitasi matbuot xizmati.