Toshkent viloyati IIBB YHXB Axborot xizmati xabar berishicha, 9-dekabr kuni soat taxminan 9:30 lar arafasida Toshkent viloyati IIBB YHXBga qarashli, Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” muntazam YPX maskaniga xizmatga jalb etilgan xodimlar vodiy yoʻnalishidan Toshkent tomon harakatlanib kelayotgan “KIA BONGO” rusumidagi avtomobilni toʻxtatadi. Namangan viloyatida yashovchi haydovchi Oʻ.Abdurahmonov inspektorlarga avtomobil yukxonasida boʻlgan yuklarning hujjatlarini taqdim eta olmaydi. Chunki unda bu yuklar uchun taalluqli boʻlgan hujjatlar yoʻq edi.

Yukxonada esa chet elda ishlab chiqarilgan 221 ta turli rusumdagi dazmollar, 24 ta goʻsht maydalagich, 44 ta blendr, 60 ta mikser maishiy texnikalari hamda 50 quti “Geparin” va 6165 ta “Yodomarin” dori vositalari boʻlgan. Xodimlar vaziyatni toʻgʻri baholagan holda haydovchilarni va olingan ashyoviy dalillarni tuman IIBga topshirdi. Maishiy texnika va dorilarning qayerdan olingani va qayerga olib ketilayotgani toʻgʻrisidagi savollarga tergov idoralari javob topadi.