Chiqindi xizmatidan qarzdor abonentlarning elektr toʻloviga cheklov oʻrnatilmoqda

    Respublika boʻyicha chiqindi xizmatidan qarzdorligi qoplanmagan 204 895 ta abonentning elektr energiyasi uchun toʻlov qilish imkoniyatiga vaqtincha cheklov joriy etildi.

    Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.

    Qayd etilishicha, bungacha respublikada chiqindi xizmatlaridan yuzaga kelgan umumiy 20,1 mlrd soʻm debitor qarzdorlik uchun jami 231 014 ta abonent “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “2100” qisqa raqamidan “SMS” xabarnoma orqali ogohlantirildi.

    Shundan soʻng, abonentlarga mavjud qarzdorligini bartaraf etish uchun 5 (besh) kun muddat berildi va ushbu davrda 9,4 mlrd soʻmlik toʻlovlar amalga oshirildi. Ayni paytda chiqindi xizmatlaridan respublika kesimida jami 18,2 mlrd soʻm debitor qarzdorlik mavjud.

    Eslatib oʻtamiz, mazkur cheklov qarzdorlik bartaraf etilishi bilanoq darhol yechiladi.

    Maʼlumot oʻrnida: 1044-sonli Qonuni bilan chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari boʻyicha toʻlov intizomi tartibga solingan. Unga koʻra, har oyning 3-sanasiga qadar qarzdor abonentlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Chiqindilarni boshqarish agentligining “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatilmoqda. Ushbu tartib 2025-yil 30-iyungacha boʻlgan qarzdorliklarga tatbiq etilmaydi. 2025-yilning 1-iyulidan chiqindi xizmatlaridan shakllangan qarzdorliklar uchun joriy yilning 5-noyabridan boshlab qoʻllanilmoqda.