Uchrashuvda Xitoy tomoniga respublikada chiqindilarni qayta ishlash tizimini isloh qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar, bu borada hal etilishi lozim boʻlgan qator muammolar haqida maʼlumot berildi.
Xususan, hozirgi vaqtda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish tizimi yaratilmagani, chiqindilarni utilizatsiya qilish boʻyicha xizmatlar uchun toʻlov tariflari soʻnggi 4-yil davomida qayta koʻrib chiqilmagani, bu sohadagi iqtisodiy vaziyatga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani haqida maʼlumot berildi. Taʼkidlash joizki, mazkur muammolarni bartaraf etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi “Chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish va uning ekologik vaziyatga salbiy taʼsirini kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Oʻz navbatida, Zishen Long bugungi kunda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga ijobiy baho berib, kompaniya muammolarni hal etishga oʻz hissasini qoʻshishga tayyor ekanligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va “Shanghai SUS Environment” kompaniyasi oʻrtasida chiqindilardan energiya ishlab chiqarish loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Maʼlumot uchun, “Shanghai SUS Environment” qattiq maishiy chiqindilarni yoquvchi zavodlarning eng yirik yetkazib beruvchisi va Xitoyda qattiq maishiy chiqindilarni boshqarishning integratsiyalashgan tizimlari yetakchi ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi. Katta tajriba va ilgʻor texnologiyalarga ega boʻlgan kompaniya qattiq maishiy chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi zamonaviy korxonalarga sarmoya kiritadi, quradi va ulardan foydalanadi.