Chirchiq daryosidan noqonuniy qum-shagʻal qazib olgan korxona rahbari 6-yilga qamaldi

    Toshkent viloyati jinoyat ishlari boʻyicha Oqqoʻrgʻon tuman sudida qum-shagʻal aralashmasini noqonuniy qazib olgan korxona rahbari ishi koʻrib chiqildi.

    Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi xabar berdi.

    Maʼlumot uchun, 2024-yil 6-noyabrdan 7-noyabrga oʻtar kechasi Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi, viloyat prokuraturasi va huquqni muhofaza qilish organlari hamkorligida navbatdagi tungi reyd tadbiri oʻtkazilgan, unda Chirchiq daryosi muhofaza hududidan qum-shagʻal aralashmasi ortib berilayotganligi aniqlangan edi.

    Holatga aniqlik kiritilganida qum-shagʻal aralashmasi “G.S.” MCHJ tegishli boʻlgan tosh maydalash sexiga olib borib toʻkilayotganligi maʼlum boʻlgan. Holat yuzasidan davlat inspektorlari tomonidan tabiatga katta miqdorda zarar yetkazganligi hisob-kitob qilingan va toʻplangan hujjatlar holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga yuborilgan edi.

    Toshkent viloyati jinoyat ishlari boʻyicha Oqqoʻrgʻon tuman sudi tomonidan “G.S”MCHJ rahbari S.I. Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, uzil-kesil oʻtash uchun 6-yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyalarda oʻtash belgilandi. Shuningdek, huquqbuzardan davlat foydasiga katta miqdorda zarar va jarima undirilishi belgilandi.

    Maʼlumot uchun, 2024-yil 1-maydan ayrim suv havzalari, xususan, Chirchiq daryosi oʻzanida ham noruda materiallarni qazib olishga muddatsiz moratoriy joriy qilingan. Ekologiya vazirligi moratoriy talablariga qatʼiy rioya qilish, ekologik huquqbuzarliklarni sodir etmaslik va bu qonunga koʻra qatʼiy javobgarlikka sabab boʻlishi haqida ogohlantiradi!