Maʼlumki, davlatimiz rahbari mamlakatimiz hududlariga tashrifi chogʻida mahalla tizimi, uning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratadi. Jumladan, “Islohotlarimiz natijalari, boʻlayotgan oʻzgarishlar va aholining kayfiyati avvalo mahallada seziladi. Shu maʼnoda, ”Mahalla – jamiyatimizning yorugʻ yuzi va vijdoni koʻzgusi" ekanini qatʼiy taʼkidlab oʻtadi.

Prezidentimiz Chirchiqdagi “Iftixor”, “Shodlik”, “Lola” mahallalarida boʻlganida koʻp qavatli uylarda yashayotgan odamlar, mehnat faxriylari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oila vakillari xonadonlariga kirib, ular bilan samimiy suhbatlashdi.

Davlatimiz rahbari chirchiqliklarni Navroʻz bayrami bilan tabriklab, shaharni mutlaqo boshqacha bir qiyofaga keltirishni, qurilishlar, ichki yoʻllar, elektr energiya va gaz, kerak boʻlsa, Toshkentga qulay borib kelishi uchun poyezdlarni yoʻlga qoʻyish, kerak boʻlsa, Toshkentdan Chirchiqqa qarab yerusti metrosini ham qurish haqidagi fikrlarini bayon etdi.

Taʼkidlash lozimki, Chirchiq shahri – Toshkent viloyatining eng yirik beshta shahridan biri hisoblanadi. Poytaxtga yaqinligi, ishlab chiqarish korxonalari koʻpligi aholi soni va uy-joyga boʻlgan talab ortib borishiga sabab boʻlmoqda.

Shaharning “Shodlik” mahallasida qurilgan 4 ta 16 qavatli uy aholining oʻsib borayotgan talabini taʼminlashga qaratilgan. Ularda jami 288 xonadon boʻladi. Toʻrtalasi ham shu yil foydalanishga topshiriladi.

Ushbu uylar qisqa muddatda qurib bitkaziladi. Zilzilabardoshligi yuqori, zamonaviy Hi-Tech usulida bunyod etilgan. Yoʻlaklari keng, har bir yoʻlakka ikkitadan lift oʻrnatilgan. Chunki, bu uylarda xonadonlar soni koʻp. Bu – Toshkent viloyatida qurilgan dastlabki 16 qavatli uylar boʻlib, Chirchiq shahriga yangi qiyofa baxsh etgan. 17 ta xonadon nogironligi bor hamda uy-joyga muhtoj ayollarga, 15 tasi oʻz sohasida alohida oʻrnak koʻrsatayotgan yosh oilalarga ajratilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatimizga tashrifi davomida Chirchiq shahrini rivojlantirish boʻyicha bosh reja muhokama qilindi. Yangi turar joylar qurish, eski uylarni renovatsiya qilish, boʻsh turgan binolardan samarali foydalanib, Toshkent shahridagi ayrim ishlab chiqarish korxonalarini shu yerga koʻchirish hamda yangi loyihalarni joylashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

– Chirchiqni innovatsion, investitsion shahar qilish mumkin. Shuning uchun hamma binolarni inventarizatsiyadan oʻtkazish kerak. Bu yerda hamma infratuzilma bor. Avtomobil va temir yoʻllarning oʻtkazuvchanligini oshirish, jamoat transportini rivojlantirish kerak. Qulaylik yaratilsa, aholi ham, ishbilarmonlar ham keladi, – deya alohida urgʻu berdi davlatimiz rahbari.

Prezident Chirchiq shahar issiqlik taʼminot korxonasini ham borib koʻrdi.

Chirchiq shahrida jami 911 ta koʻp qavatli uyga 14 ta qozonxona xizmat koʻrsatadi. Shulardan biri 1957-yilda qurilgan. Bu qozonxona ochiq tizimda ishlaydi. Yaʼni, shahar ichimlik suvi tarmogʻidan suv olib, uni isitib, xonadonlarga tarqatadi. Bu ortiqcha suv va gaz yoqilgʻisi sarfini yuzaga keltirayotgan edi. Loyihaning qiymati 16 million dollardan ziyod boʻlib, Jahon banki krediti asosida moliyalashtiriladi.

Bu mamlakatimizda tatbiq etilayotgan dastlabki pilot loyiha boʻlib, Chirchiq shahrida ham joriy etilishi koʻzda tutilgan.

Shu yerning oʻzida viloyatda elektr energiyasi, issiqlik, ichimlik suvi taʼminoti hamda shaharlarda kommunal xizmatlarni yaxshilash boʻyicha rejalar taqdimoti oʻtkazildi.

Toshkent viloyatida eng koʻp yuqori qavatli uylar Chirchiq va Angren shaharlarida joylashgan. Chirchiqdagi koʻp qavatli uylarning 352 tasida issiqlik taʼminoti mavjud, qolganlarida boshqa turdagi moslamalar oʻrnatilgan yoki umuman issiqlik taʼminoti yetib bormagan. Bu aholi turmushi yomonlashuviga olib kelayotgan edi.

Prezidentimiz tomonidan Chirchiq shahrini zamonaviy innovatsiyalar va investitsiyalar shahriga aylantirish, shu namuna asosida Toshkent viloyatining boshqa shaharlarini ham kompleks rivojlantirish boʻyicha dasturlar ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida hududni kompleks rivojlantirish boʻyicha asosiy yoʻnalish va vazifalar ham alohida muhokama qilindi.

Avvalo aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish masalalariga eʼtibor qaratildi. Viloyatdagi 1 ming 48 ta mahalla bilan manzilli ishlab, “oʻsish nuqtalari”ni hayotga tatbiq etish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining daromadi va xarid qobiliyatini oshirish boʻyicha vazifalar qoʻyildi.

– Chirchiq bir paytlar dongʻi ketgan shahar edi. Oxirgi vaqtlarda ancha “charchab” qolgandi. Tegirmon navbati bilan degandek, endi bu yerda ham hamma sharoitlarni yaratamiz. Sanoatni koʻtarish, ish joylari ochish, yoʻlni, issiqlik taʼminotini yaxshilash boʻyicha katta ishlarni boshlayapmiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Darvoqe, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 18-19-mart kunlari Toshkent viloyatiga qilgan tashrifi davomida Chirchiq shahridagi “Iftixor” mahallasida yashovchi Aziza Aliqulovaning 7 yoshli oʻgʻli Husanjon Atxamov va qizi Fotima Atxamova bilan suhbatlashib, birgalikda esdalik uchun suratga tushgan edi.

Navroʻz bayrami munosabati bilan Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov bu xonadonda mehmon boʻldi. Viloyat hokimi Prezident nomidan ularga mebel, Husanjonga esa Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan tushgan va davlat rahbari dastxati tushirilgan suratni taqdim etdi. Shuningdek, bolalarga kompyuter jamlanmasi va sport anjomlari ham sovgʻa qilindi. Bunday yuksak eʼtibordan Atxamovlar oilasi, ayniqsa, Husanjon juda xursand boʻldi.

Xulosa qilib aytganimizda, davlatimiz rahbarining Toshkent viloyatiga tashrifi davomida muammolar borasida biz yoshlarni har doimgidek sezgir ogoh, har bir masalada eng avvalo Vatan manfaatlarini oʻylab ish tutishimiz lozimligini yana bir bor chuqur his qilishimizda, teran anglashimizda kuchli turtki boʻldi. Jonajon Oʻzbekistonimizning ertangi kuni, farovon hayoti va porloq kelajagi uchun barchamiz, shu jumladan, biz yoshlar ham daxldormiz.

Bu daxldorlik hissini barchamiz yurakdan his qilib, Vatan oldidagi burchimizni, faol fuqarolik pozitsiyamizni mustahkamlashimiz lozim. Shundagini yangi Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyati oʻrtasidagi oʻrni va nufuzi yana-da ortishi shubhasiz.

Biz Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining 11 mingdan ziyod talaba-yoshlari Toshkent viloyati, Chirchiq shahri rivoji yoʻlida sidqidildan mehnat qilishga, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan vazifalarni izchil ado etishga vaʼda beramiz.

Demak, yaqin vaqt ichida Toshkent viloyati, Chirchiq shahrimiz yana-da obod va koʻrkam, fayzli boʻladi.

Habibulla TURSUNOV,

Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektorining

yoshlar masalalari boʻyicha maslahatchisi,

universitet yoshlari yetakchisi.