“Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida sanoat tarmoqlari ish boshlaydi

    Mamlakatimizda 21 Yanvar 2022 1261

    Shu kunlarda Tatariston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – sanoat va savdo vaziri A.Karimov boshchiligidagi delegatsiya vakillari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi.

    Tashrif doirasida delegatsiyaning sanoat yoʻnalishidagi rezidentlari Toshkent viloyatidagi “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.

    Mutaxassislarning taʼkidlashicha, kelgusida bu yerda koʻplab investitsiya loyihalarini amalga oshirish, ishlab chiqarish tarmoqlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.

    Shundan soʻng Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri oʻrinbosari Xurram Teshaboyev, Chirchiq shahar hokimi Davron Hidoyatov, Toshkent viloyati hokimligi vakillari va “Oʻzkimyosanoat” AJ mutaxassislari ishtirokida mazkur sanoat parki loyihasining taqdimoti oʻtkazildi.

    Qayd etilganidek, mazkur texnoparkning umumiy maydoni 31,2 gektar boʻlib, 2 ming 200 ta ish oʻrinlari yaratiladi. Muhandislik infratuzilmasi imkoniyatlari ham yetarlicha taʼminlangan. Shuningdek, bu yerda sanoat binolari 133 ming kvadrat metr, maʼmuriy binolar 11 ming 700 kvadrat metr, omborxonalar tarmogʻi esa 30 ming kvadrat metrni tashkil etadi.

    Taqdimotda investitsiya loyihalarini taklif qilayotgan rezidentlar uchun bir qator shartlar belgilangan. Xususan, ishlab chiqaruvchi asbob-uskunalarni olib kelish uchun soliq va bojxona imtiyozlari berilyapti. Muhandislik infratuzilmasi uchun yer uchastkalarini berish borasida elektr, suv va gaz taʼminoti, drenaj, internet va aloqa tarmoqlari, avtomobil yoʻllari va temiryoʻl xizmatlari taklif etilyapti.

    Uchrashuvda tataristonlik mutaxassislar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi. Oʻzbekiston va Tatariston Respublikasi ishbilarmonlari oʻrtasida ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi, deb xabar beradi Toshkent viloyati hokimligi matbuot xizmati.