Ochilish marosimida Davron Hidoyatov soʻnggi paytlarda hududda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlariga munosib baho berib, bu oʻzgarishlar, avvalo, aholi farovonligini oshirishga xizmat qilishini alohida taʼkidladi. Bu kabi koʻrkam maskanlar shahar aholisi va mehmonlarning sevimli joylaridan biri boʻlishiga umid bildirdi.
Qayd etish zarurki, ilgari bu bogʻ qarovsiz ahvolda edi. Keng koʻlamli saʼy-harakatlar tufayli bu joy ham soʻlim maskanga aylandi.
Mazkur loyiha viloyat hokimligi buyurtmasiga asosan amalga oshirildi.
Bir yarim oyda 3 gektarga yaqin maydonda barpo etilgan bogʻ hududida koʻngilochar maskanlar, zamonaviy “Street work out” maydonchasi, skeytbord uchish joylari, velosiped yoʻlakchalari, 10 ming 140 kvadrat metr sayr yoʻlaklari qilindi, 15 ming kvadrat metr chim yotqizildi, Shuningdek, 135 ta quyosh energiyasi bilan ishlaydigan tungi yoritish chiroqlari oʻrnatildi.
Hudud musaffoligini taʼminlash maqsadida mavjud daraxtlardan tashqari ming donaga yaqin turli manzarali koʻchatlar ekildi. Bundan tashqari, 50 dan ziyod bogʻkursilar va urnalar oʻrnatildi.
Ushbu bogʻdagi koʻngilochar maskanlar yilning toʻrt faslida ham odamlar hordiq chiqarishi uchun xizmat koʻrsatadi.
Endilikda mazkur istirohat bogʻida umumxalq bayramlari, ommaviy tomoshalar, sport musobaqalari oʻtkazish imkoniyati ham mavjud.
Tadbir ishtirokchilari istirohat bogʻi boʻylab sayohat qilib, amalga oshirilgan ishlarga baho berishdi. El suygan sanʼatkorlar ijrosidagi konsert dasturi barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.