Chirchiq shahrida Vatan himoyachilari eʼzozlandi

    Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni bayrami mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Chirchiq shahrida ham katta tantana bilan nishonlanmoqda.

    Kuni kecha Chirchiq shahrida joylashgan harbiy qismda boʻlib oʻtgan bayram tadbirida shaharda joylashgan harbiy qismlar xizmatchilari, sektor rahbarlari, deputatlar, faxriy harbiylar, oʻquvchi-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

    Tadbirda Chirchiq shahar hokimi Sanjar Yusupov harbiylarni bayram bilan qutladi.

    Bir guruh harbiy xizmatchilarga Chirchiq shahar hokimligi tomonidan tashakkurnoma, faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari topshirldi. Shundan soʻng taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi kuy-qoʻshiqlar tadbirga yana-da bayramona zavq bagʻishladi.

    Askarlarning qurol-aslahalar yordamida va qoʻl jangi boʻyicha koʻrgazmali chiqishlari barchada hayajon va qiziqish uygʻotdi. Ayniqsa, yoshlar qalbida Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻusi yana-da joʻshqinlanib, milliy armiyamiz va askarlikka boʻlgan ishtiyoqi ortgani bor gap.

    Shuningdek, tadbir doirasida yosh avlodni vatanparvarlik va fidoylik ruhida tarbiyalash, milliy armiyamizga boʻlgan qiziqishlarini oshirish maqsadida maktab oʻquvchilari hamda uyushmagan yoshlar harbiy qism faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi. Harbiy texnikalar va qurol-aslahalar, askarlarga yaratilgan munosib sharoitlar bilan tanishgan yoshlar oʻzlarini qiziqtirgan savollariga harbiy-mutaxassislar tomonidan batafsil javoblar oldi.

    Ilhom RAHMONOV