Chirchiqda Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochildi

    Raqamlashtirish 29 Mart 2021 922

    Toshkent viloyatning Chirchiq shahrida navbatdagi Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochilib, oʻz ish faoliyatini boshladi. Ushbu markaz Toshkent viloyatida tashkil etilgan oʻn ikkinchi oʻquv markazi hisoblanadi.

    Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi ochilish marosimida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi, keng jamoa vakillari hamda mahalliy yoshlar ishtirok etdi.

    Mazkur markaz soʻngi rusumdagi zamonaviy kompyuter texnikalari va mebel jihozlari bilan jihozlangan boʻlib, aholi va yoshlarning zamonaviy axborot texnologiyalari sohasida bilim egallashlari hamda korxonalar, hukumat va boshqaruv organlari xodimlarining malakasini oshirishlari uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoitlar yaratilgan.

    Kelgusida tuman yoshlari ushbu oʻquv markazlarida kompyuter savodxonligi, dasturlash, robototexnika, internetdan foydalanish hamda boshqa bir qator yoʻnalishlarda oʻz bilimlarini oshiradilar. Shuningdek ularni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida innovatsion ishlanmalarni yaratish, start-tap loyihalarini ishlab chiqishga jalb qilish ham moʻljallangan, deb xabar beradi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi matbuot xizmati.