Chirchiqda urush qatnashchilariga Prezident sovg'asi topshirildi

    Toshkent viloyati Chirchiq shahrida istiqomat qilayotgan 4 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga davlatimiz rahbarining tabrik, mukofot va sovg'alari keng jamoatchilik tomonidan tantanali ravishda etkazildi.

    Toshkent viloyati hokimi o'rinbosari Zuhra Mirgazieva, Chirchiq shahar hokimi Sanjar Yusupov, sektor rahbarlari, xalq deputatlari Chirchiq shahar Kengashi deputatlari Ravshan Dastirov, O'tkir Tadjibaev, korxona va tashkilot mutasaddilari Vasiliy Juchkov hamda Nikolay Kudinov, Grigoriy Kolosov, Aklima Shayxutdinovaning xonadoniga tashrif buyurib, davlatimiz rahbarining qimmatbaho sovg'asi va 12 million so'm bir martalik pul mukofotini tantanali topshirdi.

    Shuningdek, Prezidentimizning 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda G'alabaning 76 yilligi munosabati bilan ularga yo'llagan tabrigi o'qib eshittirildi.

    Bundan tashqari Toshkent viloyati va CHirchiq shahar hokimliklari hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar bo'linmasi tomonidan shu kuni urush faxriylari xonadonlariga oziq-ovqat maxsulotlari va qimmatbaho sovg'alar ulashildi.

    Chinakam bayramga aylangan yo'qlov tadbirida urush yillari mazmuni aks ettirilgan kuy-qo'shiqlar barchaning ko'nglida ko'tarinkilik ulashdi.

    Ilhom RAHMONOV