Chirchiqda yangi mahalla binosi foydalanishga topshirildi

    Kecha, 16-noyabr kuni Chirchiq shahridagi "Yoshlik" mahalla fuqarolar yig'ini yangi binosi foydalanishga topshirildi.

    Bininoning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirga yigʼilganlar barcha qulayliklarga ega, koʼrkam va zamonaviy binoda yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

    Soʼng “Kimyogarlar” madaniyat saroyida aholi salomatligini mustahkamlash yoʼlida samarali mehnat qilayotgan bir guruh tibbiyot xodimlari va shaharining ijtimoiy – iqtisodiy, maʼnaviy rivojlanishiga munosib hissa qoʼshayotgan, jamoat ishlarida faolligi bilan namuna boʼlayotgan qator soha xodimlari uchun bayram tadbiri tashkil etildi.

    El sevgan sanʼatkorlar tomonidan ijro etilgan kuy-qoʼshiqlar tadbir ishtirokchilariga xushnudlik bagʼishladi.

    Oʼtkir Tojiboyev, “Mahalla” xayriya jamoat fondi Chirchiq shahar boʼlinmasi boshqaruv raisi, deputat:

    – Chirchiq shahrida qirq toʼrtta mahalla fuqarolar yigʼini mavjud boʼlib, ularda zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, toʼrtta mahalla fuqarolari yigʼini binolari davlat-xususiy sherikchilik asosida yangidan barpo etilib, foydalanishga topshirildi. “Obod mahalla” dasturi asosida esa “Yoshlik” MFY binosi bunyod etildi. Foydalanishga topshirilayotgan MFY binolarida har bir xodim uchun xizmat xonalari, maʼnaviyat xonalari, faollar zallari mavjud. Bundan tashqari, barcha yigʼin “Mahalla” xayriya jamoat fondining mablagʼlari hisobidan yuqori tezlikdagi internet tarmogʼiga ulangan. Joriy yilda fondimiz va homiylar mablagʼlari hisobidan oʼttiz bitta mahalla fuqarolar yigʼinlari eng soʼnggi rusumdagi, zamonaviy komьpyuter jamlanmalari va nusxa koʼchirish apparatlari bilan taʼminlandi.

    Qisqacha aytganda, shahrimizda bugun ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Koʼp qavatli uylardan iborat yangi massiv qurilmoqda. Salomatlik yoʼlaklari bunyod etilmoqda. “Kimyogarlar” madaniyat saroyida oʼtkazilayotgan bugungi tadbirda ham shahrimizning iqtisodiy-ijtimoiy va aholi salomatligi yoʼlida jonbozlik koʼrsatayogan bir guruh soha xodimlari ham eʼzozlanmoqdaki, bu kabi eʼtirof va ragʼbat ularning kuchiga kuch bagʼishlaydi.

    Ilhom Rahmonov