Qashqadaryo viloyati IIB matbuot xizmati holat Chiroqchi tumanida yuz berganini maʼlum qildi.
Unda aytilishicha, shu yilning 24-iyul kuni soat 22:30 larda Chiroqchi tumanida yashovchi D.I. 102 raqamiga qoʻngʻiroq qilib, birga rasmiy nikohsiz yashab kelayotgan erkak N.P.ning onasi uyiga kelib janjal chiqarayotgani haqida xabar berdi.
Hodisa joyiga yetib kelgan profilaktika inspektori, leytenant M.Xolmamatov janjalni bartaraf etish maqsadida N.P.ni tuman IIB binosiga olib kelgan.
Shu paytda N.P.ning rasmiy nikohida boʻlgan ayoli qarindoshlari bilan birga jamoat joyida “Senga erim kerakmi” deb, D.I.ni bir necha marotaba tanasining turli joylariga tepib, urib kiyimsiz holatda qoldirdi.
Mazkur voqeaning videotasviri ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, jamoatchilikda katta eʼtiroz uygʻotdi.
Holat boʻyicha profilaktika inspektori tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan va jabrlanuvchining tan jarohatlari ogʻirlik darajasini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.
Chiroqchi tuman IIB huzuridagi Tergov boʻlinmasi mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 1-qismi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishini qoʻzgʻatib, tergov harakatlarini olib bormoqda.