Ijtimoiy tarmoqlarda cho‘chqa grippi dunyoning bir necha mamlakatlarida qayd etilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalmoqda.

Shu o‘rinda bu kasallikning belgilari va ushbu kasallikka qarshi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan mutaxassis o‘z mulohazalarini bildirdi.

— Cho‘chqa grippi kasalligining qanday alomatlari bor?

 — Cho‘chqa grippiga shubha qilish uchun bemorda belgilar bilan birgalikda bemorning kasallik tarqalgan hududlarda bo‘lishi va ushbu kasallikka chalinganlar bilan kasallik boshlanishidan 7 kun oldin aloqada bo‘lgan bo‘lishi e’tiborga olinishi kerak.

Grippdan farq tomonlari shundaki:

Odamlar orasida cho‘chqa grippi infeksiyasining odatdagi klinik ko‘rinishi mavsumiy gripp va boshqa o‘tkir yuqori nafas yo‘llarining infeksiyalariga o‘xshash bo‘lib, haroratning ko‘tarilishiva nafas olish tizimida yallig‘lanish belgilarining yuzaga kelib yo‘tal, angina, faringit, burunning bitishi kabi belgilarning paydo bo‘lishidir, ayrim holatlarda qusish va ich ketish alomatlari yuzaga kelishi mumkin.

Odamlar odatda cho‘chqa grippini kasallangan cho‘chqalardan yuqtirishadi, ba’zi hollarda odamdan odamga yuqish kuzatilgan, ammo bu kasal odamlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan odamlar va odamlar guruhlari bilan cheklangan.

 Kasallik faqat maxsus laborator tekshirish usullari bilan tasdiqlanadi.

Cho‘chqa grippiga chalingan (gumon qilingan) bemorlar darhol yuqumli kasalliklar kasalxonasida maxsus tashkil etilgan gospitalga, gumon qilinganlar bo‘lsa, ular provizor gospitalga, muloqotda bo‘lganlar esa izolyatorga yotqiziladi. Bemor to‘liq tuzalguncha davolanadi, alohidalanib (izolyasiya), tibbiy kuzatuv ostiga olinadi.

Agarda yaqinda chet el davlatidan qaytib, sog‘ligingizda bezovtalik sezsangiz darhol shifokorga murojaat qiling.

— Ayting-chi, mazkur kasallik O‘zbekistonga kirib kelganmi?

— Hech qanday xavotirga o‘rin yo‘q. Respublikamizda cho‘chqa grippi kasalligi aniqlanmagan. Epidemik vaziyat esa barqaror.

Respublikamiz hududiga chetdan cho‘chqa grippi kasalligi kirib kelgan taqdirda ham o‘choqni qamrab olish (lokalizasiya) va tugatish (likvidasiya) bo‘yicha barcha chora-tadbirlar boshqa o‘tkir respirator kasalliklarida qanday o‘tkazilsa, cho‘chqa grippida ham xuddi shunday tadbirlar amalga oshiriladi.