Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 20-oktyabrdagi “Energiyani tejaydigan lampalar mahalliy ishlab chiqarilishini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 40 Vtdan yuqori quvvatga ega choʻgʻlanma lampalarning Oʻzbekiston Respublikasida “erkin muomalaga chiqarilishi” hamda sotilishi taqiqlangan.
Shunga qaramasdan, bugungi kunda ham ayrim shaxslar tomonidan ortiqcha energiya sarfiga sabab boʻluvchi mazkur lampalar savdosi bilan shugʻullayotganliklari aniqlanmoqda.
Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi Kontrabandga qarshi kurashish va bojxona auditi boʻlimi xodimlari tomonidan Nukus shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro A.A chet davlatda ishlab chiqarilgan, hech qanday hujjatlari boʻlmagan, jami 1120 dona (100W va 150W quvvat) choʻgʻlanma lampalarni 3 600 000 soʻmga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan toʻxtatib qolindi.
Xuddi shunday yana bitta holatda, boʻlim xodimlari tomonidan 200 dona choʻgʻlanma lampalarning noqonuniy harakatiga chek qoʻyildi. Nukus shahrida oʻtkazilgan mazkur tadbirda fuqaro P.M quvvati 300 W ga teng choʻgʻlanma lampalarni 2 million soʻm pul evaziga sotayotgan vaqtida tadbir ishtirokchilari tomonidan toʻxtatib qolindi.