Kuni kecha soat 15:16larda Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Yu.Rajabiy MFYdan oqib oʻtuvchi “Boʻrijar” kanalida taqiqlangan joyda suvga tushgan fuqaro choʻkishni boshlagan. Bu vaqtda aynan ushbu hududda nazorat olib borayotgan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ikki nafar xodimi choʻkayotgan fuqaroni koʻrib, qutqaruv ishlarini amalga oshirganlar.

Qutqaruv jarayonida FVV xodimlari A.Azimxoʻjayev va I.Murodovlar fuqaro S.Q.ni (ayol) qutqarib qoladi. Shundan soʻng, avval uning yonidagi fuqaro F.K. (erkak) keyinchalik S.Q. oʻzboshimchalik bilan takroran oʻzini suvga tashlagan.

Qutqaruvchilarning saʼy-harakati tufayli ikkala fuqarolarning ham hayoti saqlab qolindi. Afsuski, qutqaruvchi A.Azimxoʻjayev xizmat vazifasini bajarish chogʻida jasorat koʻrsatib halok boʻlgan.