OʻzR FA Milliy arxeologiya markazining bir guruh ilmiy xodimlaridan iborat ekspeditsiya Surxondaryo viloyati Sherobod tumani Gʻoz va Qattiq-Qamish qishloqlari atrofidagi Oqtosh togʻlarida arxeologik qidiruv-qazuv ishlarini olib bordi.
Ekspeditsiya chogʻida 1970-yillarda Oʻ.I. Islomov tomonidan oʻrganilgan Qattiq-Qamish 1,2 va Gʻoz 1 toshga ishlov berish ustaxonalari hududlarida tadqiqotlar oʻtkazildi. Oʻ.I.Islomov oʻz vaqtida taʼkidlagan kremniylashgan slanets konlari aniqlandi.
Biroq oʻtgan yarim asrdan ziyodroq vaqt mobaynida hududlardagi ishlov berilgan tosh buyumlar tabiiy taʼsirlar natijasida aniqlab boʻlmaydigan darajada deflyatsion oʻzgarishlarga uchragan, shuning uchun ekspeditsiya belgilangan hududlarda arxeologik tadqiqotlar oʻtkazishni maqsadga muvofiq emas topdi.
Soʻngra ekspeditsiya Gʻoz qishlogʻi atrofidagi Oqtosh togʻi hududida qidiruv ishlarini davom ettirdi. Natijada hududdan bir dona choʻkichlab ishlangan dromedar tuyasining tasviri topildi. Suratning hajmi 75x90 sm. Surat tekis yuzali ohaktosh qoyaga tushirilgan va quyoshda kuygan mogʻor bilan qoplangan. Hajmiga koʻra rasmda yosh tuya (boʻtaloq) aks ettirilgan.
Shuningdek, ekspeditsiya ushbu hudud boʻyicha etnografik va geografik tushunchalarini oshirish maqsadida mahalliy aholi orasida surishtiruv ishlarini olib bordi. Natijada hududdagi tosh konlarining joylashgan oʻrni, qoyatosh rasmlardan tashqari mahalliy aholi vakillaridan birining xonadonida qadimgi otning bosh chanogʻi toʻliq saqlanayotgani haqida xabar topdi va uni borib koʻrdi. Ushbu otning bosh chanogʻi saqlanish darajasi va qadimgi tuproq yotqiziqlaridan topilganiga koʻra bir necha million yillar oldingi ekanligi taxmin qilinmoqda.
Ushbu topilma paleoantologiya sohasi mutaxassislari orasida katta ilmiy qiziqish uygʻotishi mumkin, deyiladi OʻzR FA saytida.