U 2006-yilda “Denov” MFY, Osiyo massivida “Afzal polimer zamini” fermer xoʻjaligiga asos soldi. Mutaxassisligi kimyogar-biolog boʻlgani uchun choʻl hududini koʻkalamzorlashtirishga ahd qildi.
2019-yilda agro-ekoturizm yoʻnalishida kompleks yaratish gʻoyasi paydo boʻlgan A.Qoʻshshayev bu borada saʼy-harakat olib borib, natijada 50 gektar yer maydonidan 10 gektariga suv havzasi, 10 gektariga 200 ming tup daraxt turlaridan iborat oʻrmonzor tashkil etdi.
Dam olish maskanida 1000 dona turli jonivorlar – quyon, oʻrdak, tovuq, gʻoz, tovus, tuyaqush, tuya, ot kabilar parvarishlanmoqda. Bundan tashqari, hordiq chiqaruvchilar 10 ta dam olish supalarida tin olib, tamaddi qilishlari mumkin. Oʻz qoʻli bilan baliq tutib, soʻng uni shu yerning oʻzida pishirib isteʼmol qilish istagida boʻlganlar uchun ham imkoniyatlar yetarli. Sazan, belamur kabi baliq turlari doimo xaridorgir.
Mazkur maskanda boʻlgan tuman hokimi Sh.Hakimov va tumandagi sektor rahbarlari dam olish maskanida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, A.Qoʻshshayev bilan suhbatda boʻldi.
A.Qoʻshshayev kelgusida daraxt turlari va sonini koʻpaytirmoqchi ekanligi, 5-6 ta milliy oʻtovlar tashkil qilib, bu yerda sayyohlar uchun milliylikni namoyish etmoqchi ekanligini bildirdi. U tuman hokimidan agro-ekoturizm maskaniga olib keluvchi yoʻlni taʼmirlash, asfalt qilish masalasida amaliy yordam soʻradi. Sh.Hakimov oʻz navbatida bu masalaning ijobiy hal etilishida koʻmak berilishini aytib oʻtdi.
Shuningdek, bu yerda dorivor giyohlardan naʼmatak, yerqalampir, kiyik oʻti, topinambur singari shifobaxsh oʻsimliklar hamda turli organik mahsulotlar yetishtirilmoqda.
Mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun munosib shart-sharoit yaratish orqali tumanning turistik salohiyati oshishi va tashrif buyuruvchilar sonining ortishiga erishish mumkin. Buning uchun kelgusi loyihalar oʻz vaqtida amalga oshirilsa, kifoya, deb xabar beradi Shofirkon tumani hokimligi axborot xizmati.