Futbol boʻyicha Indoneziyada boʻlib oʻtayotgan oʻsmirlar oʻrtasidagi U-17 Jahon Chempionati chorak finaliga yoʻl olgan Fransiya terma jamoasi diskvalifikatsiya qilinishi mumkin.
“Monpelye” hujumchisi Yannis Isuufu sababli Fransiya turnirdan chetlatilish ehtimoli bor. Musobaqa saralashida Yannis Niger oʻsmirlar terma jamoasi safida maydonga tushgani maʼlum boʻldi. Sport News Africa nashrining xabariga koʻra, Fransiya futbol federatsiyasining bundan xabari boʻlmagan.
FIFA qoidalariga koʻra, bitta turnir doirasida futbolchining ikkita turli terma jamoada oʻynashi qatʼiyan man etiladi. Fransiya bilan bitta guruhda boʻlgan va pley-offga chiqa olmagan Burkina-Faso apellyatsiya berishga qaror qilgan.
Issufu Fransiya terma jamoasining guruh bosqichidagi uchala oʻyinida ham ishtirok etgan. Niger oʻsmirlari safida esa 2022-yilda 2 ta oʻyin oʻtkazgan (Kot-dʼIvuar hamda Beninga qarshi). Ivuarliklarga qarshi oʻyinda bitta gol urgan boʻlsa, Beninga qarshi bahsda eng yaxshi futbolchi deb topilgan.
Eslatib oʻtamiz, Fransiya oʻsmirlar terma jamoasi chorak finalda Oʻzbekistonga qarshi maydonga tushishi kerak. Chorak final oʻyini 25-noyabr sanasiga belgilangan.