“Chorsu” bozoridagi yongʻindan zarar koʻrgan maydonlarni tiklash boʻyicha ishchi guruh tuzildi

    Chorsu bozorining Beruniy va Saqichmon koʻchalari kesishmasi yaqinida joylashgan doʻkonlari va omborlarida roʻy bergan yongʻindan zarar koʻrgan maydonlarni tiklash boʻyicha ishchi guruh tuzildi.

    Shu yilning 28-iyunga oʻtar kechasi Chorsu bozorining Beruniy va Saqichmon koʻchalari kesishmasi yaqinida joylashgan doʻkonlari va omborlarida yongʻin roʻy berdi. Poytaxt hokimligi yongʻindan zarar koʻrgan maydonlarni tiklash boʻyicha ishchi guruh tuzilganini eʼlon qildi.

    Ayni vaqtda hodisa oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha ishlar davom etmoqda. Mutaxassislar yongʻin sabablarini aniqlamoqda, shuningdek, yetkazilgan zarar miqdorini baholamoqda.

    Shahar va tuman hokimliklari vakillari yongʻindan zarar koʻrgan tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ishchi guruh zarar koʻrgan maydonlarni taʼmirlash, tiklash va ishga tushirish masalalarini samarali va tezkor hal etish maqsadida tuzildi.

    Tez orada barcha binolar taʼmirlanib, ularda yanada yaxshi ish sharoitlari yaratiladi. Ishlar yakuniga qadar esa hozirda tadbirkorlar faoliyatini davom ettirishlari uchun boshqa binolar ajratilgan.

    Xabarda aytilishicha, yongʻin bozorning umumiy faoliyatiga taʼsir qilmay, u odatiy tarzda ishini davom ettirmoqda.