Hozir Namangan aeroporti turistlar oqimiga kichiklik qilmoqda. 140 million dollar investitsiya hisobiga Namangan aeroporti rekonstruksiya qilinmoqda. Yangi terminal ishga tushsa, yoʻlovchi tashish quvvati 2,5 karra oshadi.

Shunga mos ravishda turizm infratuzilmasini ham rivojlantirish kerakligi aytildi.

Lekin Namangandagi eng jozibali hududlardan biri – Chortoq tumani imkoniyatlari toʻliq ishga solinmayapti. Turistlar uchun onlayn maʼlumot olish, joyni oldindan band qilish kabi oddiy xizmatlar ham yoʻlga qoʻyilmagan. Davolanishga kelgan odamlar vaqtini mazmunli oʻtkazishi, madaniy hordiq chiqarishi uchun yetarli sharoit yaratilmagan.

Shu munosabat bilan Chortoqni butun yil davomida xizmat koʻrsatadigan vodiyning turizm xabiga aylantirish topshirildi. Chortoqdagi loyihalar infratuzilmasi uchun 50 million dollar ajratilishi aytildi.

Jahon banki bilan Oʻrta shaharlarni rivojlantirish loyihasi doirasida joriy yilda “Furqat” bogʻi rekonstruksiya qilinib, hududi qariyb 2 barobar kengaytiriladi, Chortoqsoy boʻylab 11 kilometr uzunlikda piyodalar va velosiped eko-yoʻlaklari quriladi.

Jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida Chortoqsoy va Katta Namangan kanali qirgʻoqlarining 7 kilometri betonlashtirilib, 30 gektar yer foydali maydonga aylantiriladi.

Bu yerdagi koʻp yillik bogʻlar bilan uygʻun holda sanatoriy tipidagi yirik servis obyektlari barpo etiladi. “Chortoq” suv ombori atrofida turizm kompleksi, mehmonxona, restoran, dam olish va koʻngilochar maskanlar tashkil qilinadi.

Yana bir yirik loyiha – Pop tumanidagi Arashan koʻli atrofida 1 ming 200 gektar maydonda yiliga 1 million sayyohni qabul qiladigan yirik turizm kompleksi barpo etiladi.

Turizm sohasidagi katta loyihalar uchun kadrlar tayyorlash maqsadida keyingi oʻquv yilidan Avstriyaning Krems universiteti bilan Namangan davlat universitetida qoʻshma fakultet tashkil qilinadi.