Chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish rejalashtirilmoqda

    Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi.

    Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, roʻyxatga olish va kuzatish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi birinchi oʻqishda koʻrib chiqdi.

    Mazkur qonun loyihasida chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish boʻyicha yagona davlat siyosatini yuritish, hayvonlarda yuqumli kasalliklarning oldi olish hamda mamlakatimizda oziq – ovqat mahsulotlari havfsizligini taʼminlash masalalari nazarda tutilmoqda.

    Shuningdek, hayvonlarni hisobini yuritish, hayvonlarning nasli bilan bogʻliq va ularning sogʻligi toʻgʻrisidagi yagona elektron tizim yaratilishi belgilanmoqda. Hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, roʻyxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarining, identifikatsiya raqamini saqlovchi atribut ishlab chiqaruvchi va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari belgilab berilmoqda.

    Qonun tashabbuskorlarining aytishicha, hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimining eng asosiy afzallik tomonlaridan biri, bu tizim orqali oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlanadi. Shu sababdan qoramol, qoʻy va echki, choʻchqa, ot, eshak, tuya kabi hayvon turlari hamda ular uchun kasallik xafini tugʻdirishi mumkun boʻlgan hamda kasallik kirib kelishini oldini olish, epizootik osoyishtalikni taʼminlash maqsadida, it, mushuklarni identifikatsiya qilinishi taklif etilmoqda.

    Qonun loyihasining qabul qilinishi ichki va tashqi bozor uchun hayvonlardan olinadigan mahsulot prognozi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar bazasini shakllantirish, isteʼmol uchun chiqariladigan barcha mahsulotlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olishga, hayvon egalarining hayvonga egalik qilish, foydalanish, tasarruf qilish huquqlarini yanada kafolatlashga imkoniyat yaratadi.

    Deputatlar qonun loyihasini koʻrib chiqish chogʻida unda nazarda tutilayotgan yangiliklar chorva hayvonlarini identifikatsiya qilish boʻyicha yagona davlat siyosatini amalga oshirish, tashqi va ichki bozorlarni sifatli chorva mahsulotlar bilan taʼminlash, veterinar osoyishtalikni taʼminlashga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.

    Qizgʻin bahs-munozaralardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda qabul qilindi.