2022 yilda qishloq xo'jaligi sohasida jami 198 ta tekshirish o'tkazilib, natijasiga ko'ra 324 ta prokuror nazorati hujjati qo'llandi, 507 ta shaxsning (shundan 454 tasi yuridik shaxs) huquqi tiklandi.
Chorvachilik va parrandachilik sohasida o'tkazilgan 15 ta tekshirish natijasiga ko'ra 23 ta prokuror nazorati hujjati qo'llandi. Qonun buzilishini bartaraf etish bo'yicha 16 ta taqdimnoma kiritilib, 5 ta jinoyat ishi qo'zg'atildi.
Masalan, “O'zsanoatqurilishbank”ning Xorazm filiali tomonidan “X.m.s.” mas'uliyati cheklangan jamiyatiga 2019 yil 13 noyabrda parrandachilik uskunalari sotib olish uchun 5 yil muddatga 7,3 foiz ustama to'lash sharti bilan 201 000 AQSH dollari miqdorida kredit ajratilgan. Mazkur jamiyat kredit evaziga Xitoyning Xonjoy shahridagi korxonadan 50 mingta parranda va 20 mingta tuxumga mo'ljallangan uskunalarni qabul qilib olgan bo'lsa-da, 19 800 ta parrandaga hamda 5280 ta tuxumga mo'ljallangan uskunalar jamiyat rahbari J.YA. tomonidan qurilishi yakunlanmagan binoga o'rnatilib, foydalanilmay keraksiz buyumday tashlab qo'yilgan.
O'rganishda uskunalarning bugungi kundagi bozor bahosi 101 563 AQSH dollari ekani, qiymati 99 437 dollar bo'lgan uskunalar sotib yuborilib, juda ko'p miqdordagi kredit talon-toroj qilingani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan “X.m.s.” MCHJ rahbari J.Ya. hamda “O'zsanoatqurilishbank”ning Xorazm filiali mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.
Bundan tashqari, viloyat bo'yicha chorvachilikning barcha tarmoqlarida 1085 ta xo'jalik faoliyat ko'rsatmoqda, ularga em-xashak uchun jami 20 920 gektar er ajratilgan.
Tekshirish davomida qator qonun buzilishlari aniqlandi. Jumladan, Er kodeksining 461-moddasida chorvachilik mahsulotini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan fermer xo'jaligi va boshqa yuridik shaxslarga ozuqa ekinlarini etishtirish uchun (bitta qoramol uchun) sug'oriladigan erlardan kamida 0,3 gektardan er ajratib berish belgilangan bo'lsa-da, qoramolchilik yo'nalishidagi 162 ta fermer xo'jaligiga 2527 gektar er ortiqcha ajratib berilgani va 8091 ta mol etishmasligi aniqlandi.
Chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo'jaliklari tomonidan 12 156 gektar erga ekin ekilishi belgilangan bo'lsa-da, 7761 gektar erga em-xashak ekini ekilib, qolgan 4395 gektar erga boshqa ekinlar ekilgan.
Yuqoridagi qonun buzilishi va uning sabablarini bartaraf etish bo'yicha 11 ta taqdimnoma kiritildi. Sudlarga 16 ta da'vo arizasi kiritilib, 39 ta fermer xo'jaligining 533,4 gektar eri davlat zaxirasiga qaytarildi. Bu kabi choralardan ko'zlangan maqsad qishloq xo'jaligi, xususan, chorvachilik yo'nalishida qonun ustuvorligini ta'minlash, shu orqali soha rivojiga hissa qo'shishdir.









