Chorvachilikka jalb etilayotgan investitsiya

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining shu yil 15-aprel sonida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Bahrom Norqobilovning “Chorvachilikka jalb etilayotgan investitsiya ham ichki talabni qondiradi, ham eksport hajmini oshiradi” nomli maqolasi chop etildi. Quyida uni oʻqishingiz mumkin.

    Ayni paytda jahonda yuz berayotgan voqea-hodisalar silsilasi oziq-ovqat xavfsizligi va taʼminoti masalasining muhimligini yanada oshirmoqda. Muayyan jarayonlar sabab bahorgi pallada oziq-ovqat taqchilligi sezila boshlaganini xalq aro ekspertlar va soha mutaxassislari tashvish bilan ayta boshladi. Hatto dunyoning rivojlangan davlatlarida ham oziq-ovqat mahsulotlari narxining keskin koʻtarilgani kuzatildi.

    Ming shukrki, mamlakatimizdagi izchil va aholini rozi qilishga qaratilgan siyosat tufayli bozorlarimizda oziq-ovqat mahsulotlari narxida keskin oʻzgarish sezilmayapti. Bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlar bozor mexanizmlarining bir maromda saqlanib turishiga xizmat qilyapti. Jumladan, aholi oziq-ovqatining muhim qismi boʻlgan goʻsht, sut va parranda mahsulotlarining qiymatida ham tebranish kuzatilayotgani yoʻq.

    Bu haqda soʻz ketganda, davlatimiz rahbarining 2017-yil 1-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat veterinariya qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qarori ushbu sohaga eʼtiborni yangi bosqichga olib chiqqanini taʼkidlash joiz. Mazkur qaror asosida veterinariya boʻyicha xalqaro aloqalarni yoʻlga qoʻyishning dastlabki jarayoni boshlandi. Shu yili mamlakatimiz Jahon hayvonlar sogʻligʻini himoya qilish tashkiloti bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Hukumatimiz va Xalqaro epizootik byuro oʻrtasida veterinariya sohasida hamkorlik qilish boʻyicha kelishuv imzolandi. Kelishuv asosida yurtimizda veterinar osoyishtalikni taʼminlashni jahon standartlariga tenglashtirish uchun byuroning toʻqqiz nafar eksperti jalb qilindi.

    Eʼtiborlisi, Prezidentimizning 2019-yil 28-martdagi “Veterinariya va chorvachilik sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, qoʻmitaning xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi tashkil etildi hamda xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik rivoji yangi pogʻonaga koʻtarildi.

    Shu oʻrinda xalqaro hamkorlikdan bizga qanday manfaat bor, degan savol tugʻilishi tabiiy. Tan olish kerak, aholi, xususan, fermer xoʻjaliklarining ichki resursi bilan chorvachilikni yanada rivojlantirish qiyin. Chunki chorvachilikda qoʻllanadigan zamonaviy uskuna va jihozlar, texnika dunyo miqyosida juda qimmat turadi. Misol uchun, bir vaqtning oʻzida ellik bosh sigirdan sut sogʻib olish imkonini beradigan avtomatlashtirilgan xonani barpo etish, zarur uskunalar kompleksi bilan jihozlash uchun kamida 7-8 milliard soʻm kerak. Buncha sarf-xarajatga uncha-muncha fermerning qurbi yetmaydi. Bankdan kredit olsa, daromadini boʻlishish kerak boʻladi.

    Boz ustiga chorvachilik tavakkalchilikka asoslangan yoʻnalish hisoblanadi. Kutilmagan vaziyatlar tufayli fermer daromadidan ayrilishi mumkin. Shu bois, sohani rivojlantirishda xalqaro tashkilotlarning grant mablagʻlarini jalb qilish samarali yoʻl hisoblanadi. Ular muayyan loyiha doirasida kerakli uskuna, texnik vositalarni beradi. Evaziga ularga chorvachilik mahsulotini bozor narxida yetkazib berishni zimmamizga olamiz. Xalqaro moliyaviy tashkilotlar koʻmagi mamlakatimizda intensiv chorvachilikni yuzaga chiqarib, chorva bilan shugʻullanuvchi fermerlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Maʼlumki, ishlab chiqaruvchi qancha kam mablagʻ sarflasa, mahsulot tannarxi shuncha arzon boʻladi. Qiymat pasayishi, oʻz navbatida, bozorlarimiz, dasturxonimiz toʻkinligi va xalqimiz farovonligiga xizmat qiladi.

    Xalqaro munosabatlarni mustahkamlash maqsadida qator davlatlar bilan kelishuvlar imzolandi. Jumladan, 2019-yilda Xitoy Xalq Respublikasiga ishlov berilgan jun, kashemir, asal va ichak mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha protokol, 2020-yilda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda Vengriya agrar palatasi va Vengriya chorvadorlar ittifoqi oʻrtasida chorvachilik sohasidagi bitim, 2021-yilda Turkiya Respublikasi Qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligi bilan Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi oʻrtasida baliqchilik sohasida hamkorlik toʻgʻrisida oʻzaro anglashuv memorandumi hamda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hukumatlari oʻrtasida baliqchilik sohasida hamkorlikka oid bitim imzolandi. Bundan tashqari, Belarus, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Germaniya, Yaponiya, Latviyaning tegishli vazirlik va idoralari bilan veterinariya va chorvachilik sohasida memorandum loyihalari ishlab chiqilmoqda.

    Mamlakatimizda veterinariya va chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish uchun xalqaro moliya tashkilotlarining grant mablagʻlarini jalb etish yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti bilan veterinariya, chorvachilik, asalarichilik, baliqchilik sohalarini rivojlantirish boʻyicha toʻqqizta loyiha amalga oshirilmoqda.

    Shu kunga qadar mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirish, chorvachilik mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash uchun ilgʻor xorijiy texnologiyalarni joriy etish maqsadida xalqaro moliya institutlarining 441,9 million dollarlik imtiyozli kredit mablagʻlari jalb qilindi.

    Jumladan, Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokidagi “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida 150 million dollar miqdorida kredit ajratildi. Fermer xoʻjaliklari tomonidan chet davlatlardan 30 ming qoramol va 16,5 ming bosh qoʻy-echki, 710 ta ot va tuya keltirildi. Qoʻshimcha 2,5 millionta parranda boqish quvvatiga ega uskuna, shuningdek, baliq yetishtirish va sutni qayta ishlash texnologiyalari xarid qilinib, olti mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratildi.

    Osiyo taraqqiyot bankining “Chorvachilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishni rivojlantirish” loyihasi doirasida chorvachilik tarmoqlarini moliyalashtirish uchun 146 million dollar hamda sohani qoʻllab-quvvatlash xizmati va loyihani boshqarish ishlariga 4 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratildi. Loyiha hisobidan bugungi kunga qadar 112,9 million dollar oʻzlashtirilib, 988 ta loyiha bajarildi. Natijada 33 ming bosh naslli qoramol, 55 ming bosh zotdor qoʻy-echki, 16,2 mingta naslli quyon, 2 millionta parranda, 273 bosh ot, 138 ta qishloq xoʻjaligi texnikasi, yiliga 30 tonna asal olish, 400 tonna junni qayta ishlash, 10 ming 500 tonna sutni qayta ishlash, 7,6 ming tonna baliq yetishtirish, 434 tonna goʻshtni qayta ishlash, 22 ming tonna yem ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar xarid qilindi.

    Qishloq xoʻjaligi taraqqiyoti xalqaro jamgʻarmasining “Oʻzbekistonning sutchilik sohasida qoʻshilgan qiymat zanjirini rivojlantirish” loy ihasi doirasida 23,9 million dollar miqdorida imtiyozli krediti ajratildi. Bugungi kungacha loyiha hisobidan 16,7 million dollar oʻzlashtirildi. Natijada 432 ta subloyiha amalga oshirilib, 4 ming 342 ming bosh naslli yirik shoxli qoramol, 17 ta subloyiha asosida kuniga 6 tonna sutni qayta ishlash va soatiga 1 tonna yem-xashak ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar, 92 ta qishloq xoʻjaligi texnikasi xarid qilindi, 4 ming 300 dan ziyod doimiy ish oʻrni yaratildi.

    Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida 100 million yevro imtiyozli kredit hamda Yevropa Ittifoqining 11,5 million yevro grant mablagʻlari jalb qilindi. Bundan tashqari, Jahon bankining “Oʻzbekiston Respublikasida chorvachilik sektorini rivojlantirish” loyihasi doirasida olib borilgan muzokaralar davomida qoʻshimcha moliyalashtirish uchun 300 million dollar miqdoridagi mablagʻ ajratilishi boʻyicha kelishib olindi. Mazkur loyihaning qarz bitimi shu yil imzolanishi kutilmoqda.

    Qoʻmita tomonidan yurtimizni dunyoning veterinariya va chorvachilik sohalari rivojlangan davlatlari qatoriga olib chiqish boʻyicha samarali mexanizm yoʻlga qoʻyildi. Jumladan, qoʻmita va uning hududiy boshqarmalarida davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlarni eksport qilishda uchraydigan muammolarni bartaraf etish va tadbirkorlarga amaliy yordam koʻrsatish boʻyicha “Eksportni qoʻllab-quvvatlash va koʻmaklashish shtabi” tashkil etilgan.

    Mazkur shtab davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi tovarlar eksporti tizimli yoʻlga qoʻyilishi natijasida 2021-yil va 2022-yilning oʻtgan davri davomida sezilarli natijalarga erishdi. Jumladan, mahalliy chorvachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun 70 ga yaqin xoʻjalik yurituvchi subyektga yangi imkoniyat yaratildi, ular Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi, Qirgʻiziston, Ukrai na, Xitoy, Yevropa Ittifoqi bozorlariga mahsulot olib chiqish imkoniyatini qoʻlga kiritdi. Ayni paytda davlat veterinariya xizmati nazorati ostidagi 36 turdagi tovar 30 dan ortiq davlatga eksport qilinmoqda.

    Qoʻmita xorijning yetakchi oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan ham faol hamkorlik oʻrnatmoqda. Jumladan, Germaniya, Vengriya, Chexiya, Portugaliya, Italiya, Polsha, Turkiya, Yaponiya, AQSH, Rossiya, Belarus, Qozogʻiston, Tojikiston oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan yetmishdan ortiq hamkorlik shartnomasi, memorandum imzolandi. Buning ham oʻziga xos sabablari bor, albatta. Barcha sohalar qatori chorvachilikda ham mahsuldorlikni oshirish, naslchilikni saqlab qolish va koʻpaytirish, aholining oziq-ovqatga kun sayin oshayotgan talabini qoplash uchun innovatsiyal ar amaliyotga tatbiq etilyapti. Ularni oʻrganib, mamlakatimizda joriy etishdan, tabiiyki, manfaatdormiz.

    Yaqin kelajakda tarmoqdagi yangi mexanizm oʻz samarasini beradi. Aholini sifatli va xavfsiz chorvachilik mahsulotlari bilan toʻliq taʼminlash barobarida mahalliy chorva mahsulotlarini eksport qilish imkoniyati kengayib boraveradi.