Chorvachilikni rivojlantirishga 100 million yevro ajratildi

    Agrosektor 17 Yanvar 2022 2919

    2022-yil 13-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-84-sonli qaror imzolandi.

    2021-yil 28-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) oʻrtasida imzolangan bitimga asosan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini moliyalashtirish uchun 100 million yevro miqdorida qarz ajratish nazarda tutilgan. Loyihani amalga oshirish muddati — 5 yil (2022-2026-yillar).

    Loyihaning umumiy qiymati 147,07 million yevro ekvivalentida boʻlib, shundan:

    - 100 million yevro — FTAning qarzi;

    - 29,96 million yevro — Loyiha ishtirokchilari (benefitsiarlar)ning

    ulushi;

    - 17,1 million yevro (shu jumladan soliq va bojxona toʻlovlari shaklida

    mablagʻlar) — Oʻzbekiston Respublikasining ulushi.

    Bojxona kodeksiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari boʻyicha xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari tomonidan berilgan qarzlar (kreditlar) hisobidan yuridik shaxslar tomonidan bojxona hududiga olib kiriladigan tovarlar bojxona bojidan ozod qilingan.

    Belgilanishicha:

    - Loyihani amalga oshirish doirasida FTA qarzi hisobidan xarid qilinadigan tovarlarni (ish, xizmatlarni) va maxsus transport vositalarini olib kirishda (sotib olishda) QQS tovarlarni (ish, xizmatlarni) olib kiruvchilar (import qiluvchilar, xizmatlarni sotib oluvchilar) tomonidan toʻlanadi;

    - ushbu bojxona boji imtiyozlari natijasida boʻshagan mablagʻlar hamda tovarlarni olib keluvchilar tomonidan toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summasi Oʻzbekiston Respublikasining Loyihani amalga oshirishdagi ulushi deb hisoblanadi.

    Loyiha dastlab Qoraqalpogʻistonda, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro viloyatlarida amalga oshiriladi. Loyiha doirasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar 50%dan ziyod moliyalashtirilgandan soʻng, respublikaning barcha viloyatlarida amalga oshiriladi.

    Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Loyihaning oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishi, uning muvofiqlashtirilishi va boshqarilishi, shuningdek, Loyihani amalga oshirish davrida monitoring va hisobot yuritilishi uchun masʼul ijro etuvchi organ hisoblanadi.

    Kredit liniyasini boshqarish, FTAning qarzi oʻz vaqtida oʻzlashtirilishi va maqsadli foydalanilishini taʼminlash, shuningdek, subloyihalarni amalga oshirish boʻyicha monitoring va hisobotni yuritish funksiyalari Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklariga yuklanadi.

    Qarz bitimi doirasida yuzaga kelgan barcha toʻlovlar Loyihada ishtirok etuvchi banklar bilan qayta kreditlash bitimlari imzolangunga qadar Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi va qayta kreditlash bitimlari imzolanganidan soʻng Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari tomonidan ularga ajratilgan mablagʻlar miqdoriga mutanosib ravishda Oʻzbekistonning respublika byudjetiga qaytariladi.

    Quyidagilar tasdiqlandi:

    - “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasining asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari;

    - loyiha doirasida Fransiya taraqqiyot agentligining qarzini soʻndirish, foiz va komissiya toʻlovlarini amalga oshirishning prognoz jadvali;

    - “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 14.01.2022-yildan kuchga kirdi, deb xabar beradi “Norma”.