Chorvoq suv omboriga kanalizatsiya oqovalari yuborilgani aniqlandi

    Ijtimoiy tarmoqlarda “Ayrim dacha egalari o‘z kanalizatsiya tizimlarini bevosita Chorvoq suv omboriga yo‘naltirgan” mazmunida xabarlar tarqaldi.

    Holat yuzasidan Toshkent viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, boshqarmaning Bo‘stonliq tuman bo‘limi mutaxassislari tomonidan holat joyiga chiqib o‘rganildi.

    Aniqlanishicha, Bo‘stonliq tumani Burchimullo mahallasida yashovchi fuqarolar tomonidan hovli atrofini sug‘orish va yomg‘ir suvlarini chiqarish maqsadida ariqlar kovlangan hamda ularga polietilen quvurlar o‘rnatilgan. Natijada mazkur suvlar Chorvoq suv ombori hududiga oqizilgan.

    Holat bo‘yicha mazkur hudud uchun mas’ul bo‘lgan Chorvoq suv ombori xodimiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 82-moddasi 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va BHMning 10 baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.

    Shu bilan birga, kovlangan ariqlar va ular orqali o‘tkazilgan quvurlar olib tashlanib, holat bartaraf etildi.